Saudiya Arabistonida valiahd shahzoda bo‘lishdan oson ish yo‘q — buning uchun sulolaning toj kengashi qo‘llovi (darvoqe, unda taxtdagi podshoning fikri hisobga olinsa ham, hal qiluvchi hisoblanmaydi), diniy doiralar fotihasi va Vashingtonning roziligini olish kifoya.

32 yoshli Muhammad ibn Salmon Ol Saud bu uch manfaatli tomonning qo‘llab-quvvatlashiga erishdi va Ar-Riyodda endi hozirgi qirol Salmon Ol Saud hamda uning uchinchi xotinining o‘g‘li bo‘lmish, an'anaviy valiahdlardan yosh va norg‘ul, yangi valiahd shahzoda bor.

Foto: Reuters

Esankiratuvchi o‘rin almashishlar

Qirollik taxtining avvalgi vorisi, qirolning jiyani, bir vaqtning o‘zida ichki ishlar vaziri lavozimini egallab turgan Muhammad ibn Noif kutilmaganda bu unvondan mahrum etilgan va hattoki vazirlik lavozimidan ham olib tashlangan. Xullas, u bir zumda besh daqiqasi kam qirollikdan «qarindoshchilik»ning noma'lum darajasigacha tushirilgan.

Qirollikning shu voqea yuzasidan chiqarilgan dekretida, ko‘pchilik kuzatuvchilar tomonidan «baxmalli davlat to‘ntarishi», deb atalayotgan esankiratuvchi o‘rin almashishlarning sababini — «alohida vaziyatlar» ekanligi aytib o‘tilgan. Ularning mohiyati ommaga oshkor etilmagan esa-da, sabablar toj kengashining 34 a'zosidan 31 nafarini «kichik shahzoda» va qirollikda MBS deb ataladigan Muhammad ibn Salmonga ovoz berishga unday olgan.

Juma kuni Makkada o‘tkazilgan maxsus marosimda sulola a'zolari yangi valiahdga sadoqat borasida qasamyod qilishdi, hozircha esa turli gap-so‘zlarga chek qo‘yish maqsadida ilgari «murakkab iqtisodiy sharoitlar» vaji bilan bekor qilingan, harbiylar va davlat sektori xodimlariga qo‘shimcha ish haqi, bonuslar va maxsus to‘lovlar qayta tiklangani haqidagi farmon chiqarib qo‘yildi. Bir vaqtning o‘zida Iyd al-Fitr ham odatdagi 10 kun o‘rniga 17 kun bayram qilinadigan bo‘ldi.

Bir yilgina muqaddam aynan MBS taxtdan yarim qadam naridagi pozitsiyani egallaydi, deb o‘ylashning o‘zi xayolga sig‘mas edi. Ha, otasi taxtga o‘tirganidan so‘ng hokimiyat cho‘qqilari tomon parvoz qilib, bosh vazirning ikkinchi o‘rinbosari, jahondagi eng yosh mudofaa vaziri bo‘lib olgan Muhammad ibn Salmon qisqa vaqt ichida 30 yoshga to‘lmagan yoshlar aholi sonining 60 foizni tashkil etuvchi mamlakatda yosh avlodning sevimli siyosatchisiga aylandi-qoldi.

MBSning ikkinchi tubi