"Ma'lumki, har qanday islohot, xususan, millionlab yoshlarning hayoti va kelajagiga bevosita daxldor bo‘lgan o‘zgarishlar har tomonlama chuqur o‘ylab ish tutishni, yetti o‘lchab, bir kesishni talab etadi. Shu nuqtai nazardan biz bugun yangi yoshlar tashkilotini tuzmoqchi ekanmiz, shoshilmasdan, vazminlik bilan ish ko‘rishimiz, bu masalaning barcha ijobiy va salbiy tomonlarini o‘zimizga yaqqol tasavvur qilib, shundan keyin bir xulosa va qarorga kelishimiz lozim", - dedi O‘zbekiston Prezidenti 30 iyun kuni bo‘lib o‘tgan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida.
Bu borada avvalo bo‘lg‘usi tashkilot - Yoshlar ittifoqining huquqiy maqomi, asosiy maqsad va vazifalari, uning ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni va nufuzini, obro‘-e'tiborini oshirishga alohida e'tibor qaratish zarurligi ta'kidlandi.
"Shu maqsadda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi rahbari ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar siyosati bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimida faoliyat olib borishini huquqiy asosda belgilab qo‘yish darkor. Shu bilan birga, u Prezident farmoniga binoan Oliy Majlis Senati a'zosi etib tayinlanadi.
Tashkilotning Qoraqalpog‘istondagi kengashi raisi Respublika Jo‘qorg‘i Kengesi raisining, viloyat, tuman va shahar bo‘linmalarining rahbarlari esa tegishli hokimlarning yoshlar siyosati bo‘yicha maslahatchilari etib tayinlanishi maqsadga muvofiq, - dedi davlat rahbari. - Mana, ko‘rib turibsizlar, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rahbarlariga qanday katta maqom va vakolat berilyapti. O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tarkibiy tuzilishi haqida gapirganda, bir masalaga alohida ahamiyat berish kerak.
Hozirgi vaqtda umumta'lim maktablaridagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bilan ishlash uchun “Kamalak” bolalar tashkiloti mavjud. Shuningdek, yosh tadbirkor va fermerlar bilan ish olib boradigan Yoshlar tadbirkorligi va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi, iste'dodli va ijodkor yoshlar bilan ishlash uchun Yoshlar tashabbuslari markazi kabi tuzilmalar ham tashkil etilgan. Lekin tan olish kerakki, bugun ularning aksariyati talab darajasida ish olib bormayapti. Bu tuzilmalarning faoliyatini jonlantirish, ularga yangi mazmun va ruh bag‘ishlash kerak.
Shu munosabat bilan umumta'lim, o‘rta maxsus va oliy ta'lim tizimida “Kamolot” nisbatan samarali faoliyat olib borganini hisobga olgan holda, ushbu tizimdagi “Kamolot” tashkilotlari negizida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining bo‘limlarini tashkil etish mumkin.
Kelgusida esa yoshlarning xohishi va intilishlariga ko‘ra, Yosh olimlar uyushmasi, Yoshlarga ijtimoiy-psixologik yordam ko‘rsatish markazi, Yoshlar turizmi uyushmasi, Sport klublari va fitnes markazlari uyushmasi, Imkoniyati cheklangan yoshlar uyushmasi va boshqa tashkilotlar ham tuzilishi mumkin.














