Kuni kecha Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi yoshlar oromgohida O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan “Yangi avlodni tarbiyalash, yoshlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish borasida O‘zLiDeP “Yoshlar qanoti” oldidagi dolzarb masalalar” mavzuida o‘quv-seminari tashkil etildi. Bu haqda Kun.uz’ga O‘zLiDeP  Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi vakillari, taniqli tadbirkorlar, hududiy Kengashlardagi partiya hamda “Yoshlar qanoti” yetakchilari va faollari ishtirok etishdi.

Elbek Shukurov, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari:

— Yoshlar bilan ishlashda nafaqat bitta ma'lum bir tashkilot balki barchamiz birdek mas'ulmiz. Shu jumladan, siyosiy partiyalar ham bugungi kunda aynan yoshlar masalasiga katta urg‘u bermoqda. Xususan, Prezidentimizning partiya se'zdida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha bergan tavsiyalaridan kelib chiqib, bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirish, ayniqsa, uyushmagan yoshlar bilan samarali ishlash tizimini shakllantirish maqsadida partiyamiz tizimida yoshlar bilan ishlovchi alohida qo‘shimcha shtat birligi tashkil etildi. Bugungi seminarning asosiy maqsad va vazifasi ham joylardagi faollarimizni, partiyamizning yosh hayrixohlarini birlashtirib turgan ana shunday yetakchi-targ‘ibotchilarimizni zamon talablari darajasida o‘qitish, ularning ham kasbiy, ham nazariy bilim ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan. Kuni kecha Prezidentimizning “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati IV qurultoyida yoshlar masalasi borasida bildirgan fikr mulohazalari, kelgusida juda katta ko‘lamda amalga oshirilishi shart qilib belgilab bergan vazifalari tabiiyki, bizning partiya “Yoshlar qanoti” oldiga ham qator mas'uliyatli vazifalarni qo‘yadi. Shundan kelib chiqib, o‘quv seminarlarimizda aynan davlatimiz rahbari qo‘yayotgan talablar asosida yangicha fikrlab, zamon bilan hamnafas ishlaydigan, yoshlarimizni ezgu g‘oyalar atrofida birlashtirib, yorqin kelajakka safarbar eta oladigan kadrlarni tayyorlash masalalariga ham alohida e'tibor qaratildi.

O‘tgan vaqt davomida belgilab olingan vazifalardan kelib chiqib, O‘zLiDeP “Yoshlar qanoti” tomonidan mamlakat yoshlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Joylarda olib borilayotgan amaliy ishlar, yoshlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlar, targ‘ibot va tashviqot ishlarining ta'sir doirasi ortib borayotganligi natijasida bugun 180 mingdan ziyod yoshlar partiya safida birlashdi.