Rossiya prezidenti Vladimir Putin Hamburgda o‘tgan matbuot anjumanida amerikalik hamkasbi Donald Tramp bilan uchrashuvi haqida aytib berdi, shuningdek, u Suriyadagi vaziyat hamda Rossiya va Ukraina munosabatlariga to‘xtalib o‘tdi, deb yozadi RIA Novosti.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida Tramp Rossiyaning AQShdagi saylovlariga «aralashuvi» masalasini ko‘targan va Rossiya yetakchisi bunday deb o‘ylash uchun asos yo‘qligiga uni ishontirishga harakat qilgan.
«U menga bu xususda juda ko‘p savol berdi. Men imkon qadar uning savollariga javob berdim. Menimcha, u javoblarimning barchasini ma'lumot o‘rnida qabul qildi va qoniqdi», — dedi prezident. Putinning qo‘shimcha qilishicha, u Tramp bilan shaxsiy munosabatlar o‘rnatib olgan.
«Bilmadim, bu qanday yangraydi, lekin qanday ko‘ringan bo‘lsa shunday bayon qilaman: Trampning televizordagisi haqiqiysidan juda keskin farqlanar ekan, u o‘ta konkret inson ekan. U hamsuhbatini mutlaqo, mutlaqo adekvat qabul qiladi, qo‘yilgan savollarni yoki muloqot davomida paydo bo‘ladigan qandaydir yangi elementlarni yetarli darajada tez tahlil qilib, ularga javob qaytarar ekan», — deya o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi prezident Rossiya-Amerika munosabatlarini inqiroz yoqasidan chiqarishdan umid qilayotganini bildira turib.
Jurnalistlar Putindan Rossiyada Germaniyadagi saylov jarayonlariga aralashish rejasi bor-yo‘qligini va kansler Angela Merkel bilan bu borada suhbatlashganini so‘rashdi.
«Allaqanday provokatsion savollarni beryapsiz. Men axir AQShdagi saylovlarga ham aralashmaganmiz, deb aytib o‘tdim. Nega endi bu yerda ham qandaydir muammo yaratishimiz kerak. Biz Germaniya Federativ Respublikasi bilan do‘stona aloqalarga egamiz», — dedi u.
Putin, shuningdek, Rossiya Hamburgda o‘tgan «Katta yigirmalik» sammitida raqamli iqtisodiyot va kiberxavfsizlikning umumiy qoidalari xususida o‘z g‘oyasini taqdim etganini aytib o‘tdi. Rossiya prezidentining ta'kidlashicha, bu masalalarda noaniq vaziyat hukm surmasligi kerak va uning aytishicha, Rossiya va AQSh kelajakda qandaydir gap-so‘zlarning oldini olish uchun ishchi guruhi tuzadi.
Ukraina haqida gapirar ekan, Putin bu mamlakatning hozirgi rahbariyati rusofobiya va Rossiyadan uzoqlashish, ikki xalqni gij-gijlash siyosatini qo‘llayotganini ta'kidlab, bu hol «G‘arbda kimlargadir yoqayapti shekilli», har qanday sharoitda bu ikki xalqni bir-biriga yaqinlashtirmaslik kerak, deb hisoblovchilar bor, dedi. Prezident har ikki xalqning manfaatlari mushtarak ekanligini ham qayd etib, Ukrainaning hozirgi rahbariyati va Kiyevdagi ayrim siyosiy doiralar bundan mustasno, dedi.

















