O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Vafoyevning ma'lum qilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning turli soha vakillari  bilan o‘tkazayotgan uchrashuvlari, aniq belgilab berayotgan vazifalari  nafaqat o‘sha sohalarga, balki butun jamiyat hayotiga tub o‘zgarishlarni olib kirmoqda. 

“Har birimiz eskicha dunyoqarash va ish uslublaridan butunlay voz kechish vaqti kelgani, mamlakatimiz taraqqiyotida butunlay yangi davr boshlanganini tushunib, his qilishimiz lozimligini ko‘rsatmoqda. Shu ma'noda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan videoselektor yig‘ilishi ham tarixiy uchrashuvlardan biri bo‘ldi.

Qanchalik achchiq bo‘lmasin, tan olishimiz kerak, siyosiy partiyalar va deputatlar faoliyati bo‘yicha bildirilgan barcha tanqidiy fikrlar — ayni haqiqat!

Ushbu kamchiliklarning sababi nimada? Ularni bartaraf etish uchun nima qilishimiz kerak? Har qanday balandparvoz gaplardan oldin mana shu savollarga javob topishimiz lozim.

Partiyamiz a'zolari va faollari, deputatlarimizni hisobga olsak, yarim millionga yaqin, katta potensialga ega kuchmiz. Lekin, ochiq aytish kerak, bu kuch samarasiz ishlab kelmoqda edi. Buning eng asosiy sababi partiya tashkilotlari, deputatlik birlashmalari rahbarlarining tushunchasi, tashabbuskorligi bilan bog‘liq, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Yillar davomida tashabbus qilishdan qo‘rqish, tepadan ruxsat kutib o‘tirish, katta-kichik rahbarlarning qosh-qovog‘iga qarash kabi illatlarga o‘rganib qoldik. Natijada siyosiy jarayonlarning boshida turishi kerak bo‘lgan partiyalar, siyosiy maydondagi zaif bo‘g‘inga aylanib qoldi”, - degan Vafoyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilishda bildirilgan tanqidlar, hayotiy takliflar deputatlarni ushbu illatlardan xalos bo‘lishga,  ruhiyatlarini ko‘tarishga, mas'uliyatni oshirishga, jur'atli bo‘lishga da'vat etgan. 

“Muloqotda nafaqat tanqidiy fikrlarni eshitdik, balki undan katta kuch oldik. Saylovoldi dasturimizda joylardagi haqiqiy holat hamda odamlarni qiynayotgan masalalar o‘z aksini topmagan. Xo‘sh, hayotimizdagi odamlarni qiynab kelayotgan muammolarni bilmasmidik? Bilmagan edik, desak yolg‘on bo‘ladi, albatta, bilardik. Lekin haqiqiy holatni dasturimizga ochiq yozishga, muammolarni ko‘ndalang qo‘yishga bizda siyosiy jur'at yetishmagan.  Muammolarni silliqlab, sayqal berib, nomiga yozishga harakat qilganmiz. Natijada dasturimiz joylardagi haqiqiy holatdan va odamlarni qiynayotgan masalalardan yiroq hamda oddiy saylovchilarga tushunarsiz bo‘lib qolgan. Buning oqibatida jamiyatda ta'sir kuchimiz qanday darajadaligi hammamizga ma'lum”, - deydi Vafoyev.