Aslida, bu mavzu siyqasi chiqqanlaridan biri. Chiroyli yoritish uchun erinib turgan ilhom parisining aybini iqtiboslar xazinasidan uch-to‘rt misra bilan yopib yuborsa, kifoyadek. Lekin bu safar barcha iqtiboslaru avval yuritib bo‘lingan fikrlardan qochgan holda juda oddiy, jo‘n, xalqning tilida aytganda - «ketmonchasiga» fikr yuritmoqchiman. Bo‘lmasa qalam sarson. Qog‘oz uvol.

Millatimiz millat bo‘libdiki, erkaklarning mavqeini ulug‘lab, boshqa biror millatda uchramas sifatlar bilan alqab keladi. Hazrati erkak! Shu sababdanmi erkaklarni tanqid qilish, aybini oshkora aytish andishasizlikka yo‘yiladi. Men ham shu andisha yanglig‘ pardani bir uchini ko‘tarishga jo‘yali sababsiz jazm qila olmasdim, albatta. Lekin qalam ahlining tuyg‘ulari isyon qilsa, faqat qog‘ozgina jilovlay oladi xolos...

«Tirikchilik...»

Bozorlik to‘la ro‘zg‘or xaltalarim qoq asr jaziramasida malol kelib, bozor darvozasi tomon og‘ir odimlab borar ekanman kiraverishda oyoqlari ostiga ikki chelak o‘rikni olib, xaridor chaqirayotgan qo‘shnim Marg‘uba opaga ko‘zim tushdi. Ko‘chamiz boshidagi maktabda fizikadan dars beradigan bu ayol savdo qilishidan bexabar edim. Ochig‘i hayron bo‘ldim. Oliy ma'lumotli pedagog. Erining xurmacha qiliqlari tufayli biroz notinchligini aytmasa, binoyiday oila. O‘zimcha (o‘zbekchiligimizdan aylanay) so‘rashishga ketadigan vaqtimni chamalab chumoliday topgan-orttirganini uyiga tashib ketayotgan olamonga singib ketishni mo‘ljallab turganimda, qo‘shnimning nigohlarini his qildimu, noiloj jilmaygancha u tomon yurdim. Odatdagi aylanay-o‘rgilayimiz davomida sezdimki qo‘shnim bu holatda ko‘rishganimizdan ancha xijolatda. Vaziyatni yumshatish uchun tezroq xayrlasharkanman iloji boricha samimiygina qilib: “Hafsalangizga qoyil qo‘shni, kuni kecha sharbat-u kompot yopayotgan edingiz. Ortganiniyam uvol qilmay, olib chiqqaningizni qarang”, dedim. Qo‘shnim negadir duv qizardiyu, ko‘zini yerga qadaganicha xijolatomuz jilmaydi: “Tirikchilik...” 

«Erkakchilik...»

Kechqurun dasturxon boshida yig‘ilib, erimni (oila boshi axir) ovqatga qoshiq suqishini kutib turgandik hamki, ko‘chadan beo‘xshov baqir-chaqir ovozi eshitildi. Erim derazadan qaradiyu, qovog‘i solindi. “Uff... Rustam aka yana ichib olibdi”. “Qaysi Rustam?” “Ha, mana qo‘shning-da. Marg‘uba opaning eri”.

Pastdagi baqirishu so‘kinishlar tinavermagach, erim bolalarga bir qarab qo‘ydiyu, yana oynadan bosh chiqardi: “Hoy Rustam aka, nima qilganingiz bu aka, bolalar bora... Nima qilardiz-a shuncha ichib?”. Pastdan yana o‘sha beo‘xshov ovoz xirillab baqirdi: “Erkakchilik bu ukam, erkakchilik!!!”.