Jamiyat | 11:10 / 28.07.2017
13006
2 daqiqa o‘qiladi

Tez tibbiy yordam dispetcherlik xizmati boshqa shoshilinch xizmatlar bilan bog‘lanadi

Vazirlar Mahkamasining 19.07.2017 yildagi 526-son qarori bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallarining Muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 16.03.2017 yildagi PF-4985-son farmoniga binoan muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlari 1.01.2019 yildan faoliyat ko‘rsatishni boshlaydi.

Ularning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

•  tez tibbiy yordamning tezkorligi, sifati va undan foydalanish darajasini oshirish;
•  respublikaning barcha hududi bo‘yicha tez tibbiy yordam chaqiriqlarini qabul qilish va avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlash;
•  tez tibbiy yordam xizmati sayyor brigadalari faoliyatini tezkor boshqarish va muvofiqlashtirish;
•  IIV, FVV va «O‘ztransgaz» AJning tezkor xizmatlari bilan o‘zaro hamkorlikni ta'minlash;
•  tez tibbiy yordam xizmati faoliyatida tezkor statistik axborot va hisobotlarni shakllantirish.

Kelasi yilning oxirigacha muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlarining tashkil etilayotgan Milliy geografik axborot tizimiga ulanishi ta'minlanishi darkor.

Chora-tadbirlar dasturiga asosiy uch yo‘nalish bo‘yicha quyidagi chora-tadbirlar kiritilgan:

•  muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha normativ bazani shakllantirish;
•  moddiy-texnika bazasini shakllantirish;
•  xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha chora-tadbirlar.

Dasturni amalga oshirish uchun davlat maqsadli jamg‘armalaridan 15 mlrd. so‘m va xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari va grantlari hisobidan 17 mln. AQSh dollari ajratiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid