Jahon | 18:45 / 07.08.2017
4755
2 daqiqa o‘qiladi

Latviyada yuzni to‘suvchi kiyim kiyish taqiqlanadi

Latviyada jamoat joylarida musulmon ayollarning yuzni to‘sib turuvchi liboslarini kiyishlari taqiqlanadi. Bugun,  7 avgust kuni respublika adliya vaziri tomonidan tayyorlangan qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun topshirildi. TASS shu haqida xabar berdi. 

Matbuot anjumanida adliya vaziri Dzintars Rasnachs bu qonun loyihasi profilaktik xarakterga ega ekani, u Latviya hamda Yevropa madaniyati himoyasiga yo‘naltirilganini ta'kidladi. 

"Latviyada bunday taqiqlovni yo‘lga qo‘yish zarur, zero hozir mamlakatda yuzini to‘sib yuruvchi kishilar mavjudligiga doir gap-so‘zlar tarqalmoqda. Bu taqiqlovlar shuningdek respublikaga kiruvchi kishilar hamda kelgusida shu yerda istiqomat qilishni rejalashtirgan shaxslarga ham tegishli. Bu odamlar Latviyada mavjud qonun-qoidalar haqida bilishlari kerak", - dedi u. 

Cheklov niqob, dubulg‘a, paranji va burqa kabi kiyimlarni o‘z ichiga oladi. Adliya vazirining ta'kidlashicha, agar insonning yuzini ko‘rish imkoni chegaralangan bo‘lsa, uning shaxsini aniqlash imkoni bo‘lmasa, yuz yopiq hisoblanadi. Fransiya, Belgiya, Bolgariya, Misr, Niderlandiya, Avstriya mamlakatlarida, shuningdek Germaniya, Shveytsariya, Ispaniya va Italiyaning muayyan hududlarida ham shunday taqiqlovlar yo‘lga qo‘yilgan. 

Latviya hukumati 22 avgust kuni ushbu qonun loyihasini ko‘rib chiqadi. Mazkur cheklovni buzganlarni ma'muriy jarimaga tortish ko‘zda tutilgan. 

Mavzuga oid