«Kitob dunyosi» gazetasi saytida taniqli adabiyotshunos, «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri Shuhrat Rizayevning prezidentimizga maktubi e'lon qilindi.

Sh.Rizayev san'at va adabiyot sohasidagi bir talay muammolar va takliflar, yechimlar bilan bir qatorda maktubining eng so‘ngida rus grafikasiga asosidagi alifboni qaytadan joriy etish va uni o‘zbek tilining bosh alifbosi etib belgilash haqida taklif bildirgan.

Adabiyotshunos olimning ushbu taklifi ijtimoiy tarmoqlarda juda katta rezonans keltirib chiqardi. Albatta, uning taklifini qo‘llab-quvvatlovchi kam sonli odamlar ham topildi. Lekin aksariyat fikri tiniq kishilar, o‘zbek tili lotin alifbosida qolishi kerakligi, qaytaga uni biroz takomillashtirib, zamonga moslab to‘liq joriy etish haqida keskin fikrlar bildirila boshlandi.

Hattoki, rus grafikasiga qaytilishi mumkinligidan tashvishlangan, lotin imlosini yoqlovchi ijtimoiy tarmoqdagi o‘zbeklar orasida kirillcha harflardan umuman foydalanmaslik, faqat lotincha imloda yozishga chorlovchi tashviqotlar boshlandi. Ijtimoiy tarmoqlarda faqat lotincha imlodan foydalanishga ahd qilganlar ko‘paydi.

Xorijiy davlatlarda tug‘ilgan o‘zbeklar dunyo bo‘ylab sochilgan 50 millionga yaqin millatdoshlarimiz aynan lotin imlosi vositasida bahamjihat muloqot qila boshlashganini ta'kidlab, rus grafikasini O‘zbekistonda qaytadan rasmiy yozuv qilish istagida bo‘lganlarga rad javobini berib, o‘zbekistonliklar va butun dunyo o‘zbeklariga qulay bo‘lgan O‘zbek lotin alifbosini yanada mukammalroq qilib joriy etishni Prezident Shavkat Mirziyoyevdan iltimos qilib so‘rab, ochiq xat jo‘natishdi.

O‘zbekistonda tug‘ilmagan o‘zbeklarning Prezidentga maktubi chop etildi

Darhaqiqat muammo kichik emas. Avvalo, «kirillcha imlo», deya muammoni xaspo‘shlamaslik kerak. O‘zbekiston SSRning 1940 yilda qabul qilingan qonuni «O‘zbek yozuvini lotinlashtirilgan alifbedan rus grafikasi asosidagi yangi o‘zbek alifbesiga ko‘chirish to‘g‘risida»gi deb ataladi. Ya'ni, alifbomiz aynan ruslashtirilgan. Binobarin, ortga qaytish — ruslashtirish degani, buni bir zum ham unutmaslik lozim.

«Ommalashmayotgan alifbodan ommaviy axborot vositalari ham, nashriyotlar ham nihoyatda kam foydalanyapti» deydi Sh.Rizayev o‘z maktubida. Ha, aynan bosma ommaviy axborot vositalarining yangi imlo to‘liq joriy bo‘lishida hissasi katta bo‘lishi kerak edi! Edi!