Alifbo haqidagi bahslar va Lukaşenkoning özbeklarga taklifi - hafta dayjesti
|04:13 / 12.07.202615 80416 min
Alifbodagi törtta harfni almaştirişga qaror qilindi: tarmoqlar qizğin bahslarga tölmoqda. Soliqdan keşbek qaytariş töxtatilişi mumkin: vazirlik bu mexanizmni lotereyaga almaştirmoqçi. Özbekiston va Belarus – endi strategik şeriklar; Lukaşenko özbeklarni yaşaş va işlaş uçun Belarusga kelişga çaqirdi. Toşkentda svet öçişlarini töxtatiş uçun komissiya tuzildi: avariyalar sabablariga aniqlik kiritilişi aytilyapti.
Ortda qolgan haftaning Özbekiston hayotiga oid muhim voqealari – Kun.uz dayjestida.
Alifbo islohoti haqida qonun qabul qilindi
Özbek-lotin alifbosidagi O‘, G‘, Sh, Ch harflari diakritik belgiga ega yakkaharflar: Ö ö, Ğ ğ, Ş ş, Ç ç bilan almaştirilişi mumkin. 7 iyul kuni deputatlar kutilmaganda tegişli qonunni qabul qildi. “Kutilmaganda” deyişimizga sabab, alifbo masalasi oçiq, rasmiy va ommaviy muhokama maydoniga oxirgi marta 2023 yilda kötarilgan, şundan beri biror siljiş bölgani haqida yangilik yöq edi. Ya’ni, qonun loyihasi parlamentga kiritilgani va deputatlar tomonidan körib çiqilayotgani faktidan ham keng jamoatçilik şunçaki bexabar qoldi.
Yalpi majlisda qonun loyihasi böyiça sözga çiqqan Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov özgariş zaruratini izohlarkan, amaldagi O‘ va G‘ harflarini töğri yoziş uçun kompyuterda bir neçta amalni bajarişga töğri kelişi, amaliyotda bu harflarning öndan ortiq şakllari qöllanayotgani, natijada yagona standart şakllanmayotganini aytdi.
“Mazkur belgilar xalqaro UNICODE standartida mustaqil harf sifatida mavjud emasligi sababli, axborot texnologiyalari, elektron qidiruv tizimlari, avtomatik tarjima, elektron luğatlar hamda özbek tilini raqamlaştiriş jarayonida jiddiy texnik muammolarni yuzaga keltirmoqda.
Mavzuga oid
Şuningdek, Ch va Sh qöşharflari özbek tilida juda faol qöllaniladi. “Shoshilinch”, “xushchaqchaq”, “achchiqtosh” kabi sözlarda ularning ketma-ket kelişi yoziş va öqişda qiyinçiliklar tuğdirmoqda. Bu holat imlo qoidalarida ayrim çalkaşliklarni keltirib çiqarmoqda. Masalan, “Is’hoq”, “As’hobiddin” kabi sözlar amalda köp hollarda “Ishoq”, “Ashobiddin” tarzida notöğri yozilmoqda. “Mötabar”, “mötadil”, “möjaz”, “möjiza” kabi sözlarda o yonidagi o‘ harfi tutuq belgisi bilan yonma-yon kelmasligi uçun istisno qoidalarini belgilaşga töğri kelgan”, – dedi Abduhalimov.
Taşabbuskorlarga köra, törtta harfning yangi tanlangan şakllari özbek tilining raqamlaşiş yölidagi texnik tösiqni olib taşlaydi. Taklif etilayotgan Ö ö, Ğ ğ, Ş ş, Ç ç harflaridan turk, ozar, turkman, gagauz, qrim-tatar, nemis, şved, fin, venger xalqlari – dunyo böylab jami 300 millionga yaqin aholi foydalanadi, şu sabab bu harflarni aksariyat ommabop şriftlar qöllab-quvvatlaydi. Şuningdek, ularni bemalol domen nomlarida ham qöllaş mumkin, masalan özbegim.uz, farğona.com, çirçiq.info va hokazo.
Özgarişlar kuçga kirişi uçun, endi qonunni Senat ma’qullaşi, keyin prezident imzolaşi kerak böladi. Qonun yakuniy tarzda qabul qilinganidan keyin uni bosqiçma-bosqiç amalga oşiriş böyiça hukumat qarori asosida alohida çora-tadbirlar belgilanadi. Hujjatlar, banknotlar, logotiplar, peşlavhalar, körsatkiçlar va boşqa atributlarni darhol yangilaş talab etilmaydi, ya’ni muayyan ötiş davrini joriy etiş orqali yuzaga keladigan xarajatlarni imkon qadar kamaytirişga harakat qilinadi.
Munozaralar va loqayd taqdimot
Alifbo özgarişi, tabiiyki, xalq orasida qizğin muhokamalarni keltirib çiqardi. Bu jarayonda faol fikr bildirayotgan vatandoşlarni şartli ravişda uç guruhga böliş mumkin.
Birinçi guruh – qonunni yoqlovçilar. Ular “uzoq yil kutilgan islohot nihoyat amalga oşayotgani”ni aytyapti va endi rasmiylar oxirigaça siyosiy iroda körsatişidan umid qilyapti. Bu toifa vakillarining fikriça, lotin alifbosiga – bölganda ham texnik qusurlardan xoli va umumturkiy ruh singdirilgan alifboga töliq ötiş – Özbekistonning izoq istiqboli uçun strategik va tarixiy töğri qaror böladi. Şu bois ular jamoatçilikni bir yoqadan boş çiqarib, taşabbusni qöllaş va nihoyat kirill alifbosidan uzil-kesil voz keçişga çaqiryapti.
Özgarişni qöllab-quvvatlayotgan vatandoşlarning nuqtayi nazarini quyidagiça ifodalaş mumkin: “Ha, bu oğriqli; ha, muammolar böladi; lekin biz bunga zaruriy ukol deb qaraşimiz kerak. Amaldagi alifbomizning qusurlari köp, yangi harflarga esa tez orada közimiz örganib ketadi”, demoqda ular.
Qarşi tomonga kelsak, birinçi aytişimiz kerak bölgan narsa – ularning son jihatdan köproqligi. Garçi sotsiologik sörovlar ötkazilmagan bölsa-da, alifbodagi özgarişga qarşi bölayotganlar uluşi kattaligini e’tirof etiş adolatdan bölardi. Ular keltirayotgan argumentlar sirasida eng köp uçrayotganlari quyidagilar: “hamma örgangan alifboni özgartirişga obektiv zarurat yöq”, “inson texnikaga emas, texnika insonga moslaşişi kerak”, “endi uçta alifbo paydo böladi, savodsizlik karrasiga oşadi”, “şunça ortiqça xarajat – ham budjetga, ham odamlar çöntagiga yuk”, “ismi-şarifimning yangiça yozilişi menga yoqmadi”.
Endi, uçinçi toifa ham borki, ular alifbo islohoti zaruratini inkor etmaydi, lekin qabul qilinayotgan versiyaga nisbatan e’tirozlari bor. Masalan, ular Ö va Ğ harflarining diakritik belgilarini birxillaştiriş; faqat şu ikkita harfni özgartirib, Sh va Ch ga tegmaslik; O‘ va G‘ dagi apostroflar kabi sözni texnik tomonlama “bölib taşlaydigan” tutuq belgisidan voz keçiş; kerak bölsa qattiq X ni ham alifbodan çiqarib yuborib, faqat yumşoq H ni qöllaş kabi takliflarni örtaga taşlaşyapti.
Xullas, alifbo – öta köp qirrali masala. Biz u yoki bu tomonning pozitsiyasini qöllamagan holda, mavzuning yana bir muhim jihatiga e’tibor qaratişni lozim topdik. Tortişuvlardan çetroqqa çiqsak, hukumat bu taşabbus asnosida aholi bilan kommunikatsiya borasida yana oqsaganiga guvoh böldik. Alifbodek umummilliy ahamiyatga molik masala haqida gap ketayotgan bölsa ham, özgariş zaruratini asoslaş uçun keng kölamli tuşuntiriş işlari olib borilmadi. Hatto birorta matbuot anjumani ham bölgani yöq. Alifbo masalasida oxirgi oçiq muhokamalar 2021 va 2023 yillarda bölganini inobatga olsak, u paytda aytilgan gaplar aksar aholining allaqaçon yodidan çiqib ketgani tabiiy, şu sabab yangi, yanada kattaroq masştab va yuqoriroq sifatdagi ommaviy tuşuntiriş kampaniyasiga zarurat bor edi.
Batafsil tuşuntiriş yöqligi uçun ham: “Alifbomiz tuppa-tuzuk şekilli, özi nima muammo?” degan oddiy savolga juda köp odamlar, ayniqsa yoşlar qoniqarli javob ololmayapti. Natijada, ehtimoliy boşqa ssenariydagidan köra köproq e’tirozlarni körib turibmiz. E’tiroz bildirayotganlar orasida ziyolilar ham bor. Agar aynan ziyoli qatlam uçun alifbodagi muammolar çuqur tahlil qilingan, “alifboni özgartiriş şartmi?” degan savolga batafsil javob beradigan, mavjud barça yeçim variantlarining afzalliklari va kamçiliklarini oçib beradigan, kerak bölsa 100 sahifadan oşadigan hajmdagi ilmiy-amaliy tadqiqot e’lon qilinganida edi, ijtimoiy konsensusga erişiş osonroq bölişi mumkin edi.
Lekin amalda biz nimani kördik? Loyiha muallifi bölmiş Davlat tilini rivojlantiriş departamenti va til-adabiyot institutlari nega aynan şunday xulosaga kelingani, muqobil yeçimlardan qaysi asoslarga köra voz keçilgani haqida batafsil oçiq hisobot e’lon qilişmadi. Natijada, çuqurroq tahlilni xohlagan odamlarda yakuniy versiya haqida şunçaki sub’yektiv ravişda “yoqdi” yoki “yoqmadi” deyişdan boşqa iloj qolmagandek, nazarimizda.
Keşbek – bekormi?
Oxirgi 5,5 yildan beri köpçilikning kiçik odatiga aylanib ulgurgan soliq keşbekining umri tugaganga öxşayapti. Ma’lum bölişiça, hukumatda bu tartibni bekor qiliş masalasi körib çiqilyapti. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yaşirin iqtisodiyot uluşini qisqartiriş institutining fikriça, xarid çekidagi QR-kodni Soliq ilovasida röyxatdan ötkazgan şaxslarga 1 foiz keşbek qaytariş amaliyoti öz vazifasini bajarib bölgan – odamlarda çek talab qiliş madaniyati, sotuvçilarda esa xaridlar uçun albatta çek çiqariş könikmasi şakllangan. Lekin endi, bu mexanizmning samarasi yildan yilga pasayib borayotgani aytilyapti.
Rasmiylarga köra, keşbek xarajatlari joriy yilda 1,8 trillion sömga yetişi mumkin. Bu mablağ – yil davomida boğçalar quriş uçun davlat budjetidan ajratiladigan mablağdan ikki karra köp. Boz ustiga, aylanmadan olinadigan soliq tuşumlari mutanosib ravişda ösmayapti, röyxatdan ötkazilayotgan çeklarning salmoqli qismi şundoğam rasmiy sektorda işlayotgan korxonalarga taalluqli bölib qolyapti. Masalan, may oyida top-10 ta savdo brendidan olingan çeklar böyiça aholiga qariyb 16 mlrd söm keşbek tölangan.
Xullas, vazirlik huzuridagi institutning aytişiça, 2022 yil 1 yanvardan beri amal qilib kelayotgan keşbek tartibini baribir qaçondir töxtatiş kerak, çunki xarajatlar yildan yilga oşib boraveradi. Taşabbuskorlar keşbek örniga davlat lotereyasini joriy qilişni taklif etyapti. Bunda odamlar faqatgina soliq xavfi yuqori bölgan sohalar: kafe-restoranlar, kiçik dökonlar va boşqalar bergan çeklarni röyxatdan ötkazadi va lotereyada qatnaşiş imkoniyatini qölga kiritadi. Bunday lotereya uçun yiliga 100 mlrd sömgaça mablağ ajratilişi mumkin.
Darvoqe, 1 foizlik universal keşbekni töxtatiş bilan birga, ijtimoiy reyestrga kiritilgan şaxslar uçun ayrim oziq-ovqat mahsulotlari xarididagi 12 foizlik QQSni qaytarib beriş davom etişi va’da qilinmoqda.
Eslatib ötamiz, avvalroq qabul qilingan prezident qarori bilan, kuniga ön ming qadam piyoda yurgan vatandoşlarni moddiy rağbatlantiriş tartibini joriy yil 1 maydan e’tiboran boşqaçaroq şaklda tiklaş vazifasi qöyilgan edi. Bu vazifa ijrosi mana ikki oydirki, keçikyapti.
Eski maşinani yangilaşga rağbat
Işlab çiqarilganiga 30 yildan oşgan avtomobillar egalaridan har yili ekologik kompenatsiya undiriş ğoyasidan voz keçildi. Çiqindilarni boşqariş agentligining ma’lum qilişiça, bu loyihaning jamoatçilik muhokamasi davomida aholidan kelib tuşgan köplab e’tirozlar inobatga olingan va endi boşqaçaroq mexanizm körib çiqilyapti.
Bu mexanizmga köra, eski maşinalar egalaridan bozor narxida sotib olinadi va maşina egasiga ikki xil tanlov imkoniyati beriladi: u yo maşinasining pulini naqd şaklda olişi, yoki yangi maşina uçun boşlanğiç tölov örniga ötadigan vauçerni tanlaşi mumkin. Ikkinçi variant ança jozibador körsatilyapti: bunda yangi maşina narxidan vauçer qiymati çegirib taşlanib, qolgan summani 7 yilgaça muddatga mutlaqo foizsiz, bölib-bölib tölaş imkoniyati yaratilişi mumkin.
Misol uçun, 5 mln sömlik “Moskviç” egasi 165 mln sömlik yangi Cobalt'ning boşlanğiç tölovdan qolgan 160 mln sömini 7 yil davomida oyiga 1,9 mln sömdan, ya’ni foizsiz tölab borişi mumkin.
Albatta, bu hali loyiha. Respublika böylab ming-minglab eski maşinalar borligini inobatga olsak, masalaning moliyaviy jihatlari savol ostida qoladi. Qolaversa, ekologiyani öylagan holda avtoparkni yangilaş haqida gap ketayotgan ekan, elektromobillar importi uçun utilizatsiya yiğimi va bojlarni bekor qiliş masalasi ham körib çiqilsa, nur ustiga a’lo nur bölardi.
“Özbeklarni oilasi bilan Belarusga taklif qilamiz”
Özbekiston öziga yaqin hamkor davlatlar bilan aloqalarni institutsional tarzda yangi bosqiçda olib çiqişda davom etmoqda. Ötgan hafta Gruziya bilan strategik şeriklik munosabatlari örnatilgan bölsa, joriy hafta Belarus bilan ham özaro munosabatlar strategik şeriklik darajasiga olib çiqildi. Prezident Şavkat Mirziyoyevning Minskka taşrifi davomida ikki örtada 15 dan ortiq kelişuv imzolandi.
Belarus prezidenti Aleksandr Lukaşenkoning aytişiça, kelişuvlar orasida özbekistonliklarning Belarusda vaqtinça mehnat faoliyatini amalga oşirişini taşkil etiş töğrisidagi hukumatlararo bitim alohida ahamiyatga ega.
“Biz özbeklarning oilasi bilan Belarusga kelib, şu yerda yaşaşini istaymiz. Zarur bölsa, ularga soğliqni saqlaş va ta’lim sohalarida ham kömak körsatiladi. Bu yerda mehnat qiliş va rivojlaniş uçun imkoniyatlar mavjud”, – dedi Lukaşenko.
U Özbekistonda suv resurslari va yer masalasi dolzarb ekanini aytarkan, Belarusda bu borada imkoniyatlar köproqligini va işçi kuçiga ehtiyoj borligini ta’kidladi. Bundan taşqari, Lukaşenko belarusliklar özbeklarga nisbatan iliq munosabatda ekanini ham qöşimça qildi.
Bu hafta yana nimalar röy berdi?
Toşkentda elektr energiyasi uzilişlarini bartaraf etiş böyiça maxsus komissiya tuzildi. Energetika vazirligi xabariga köra, komissiya poytaxt energotizimida kuzatilayotgan avariyalarning sabablari, uskunalarning texnik holati, rekonstruksiya işlarining sifati va avariyaga qarşi himoya tizimlarining samaradorligini örganib çiqadi. Ma’lumot uçun, oxirgi ikki haftada ikkita podstansiyada jiddiy avariyalar röy berdi va umuman, avariyaviy uzilişlar yozning ilk kunlaridan buyon röy berib turibdi. Energotizim uçun asosiy sinov esa hali oldinda turgan bölişi mumkin: sinoptiklar kelasi hafta Özbekistonda havo harorati 46 darajagaça çiqişi mumkinligidan ogohlantirgan.
Korrupsiyada gumonlangan sobiq hokim davlat işiga qaytdi. Gap – 2018-2022 yillarda Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanini boşqargan Erkin Alimov haqida ketyapti. U kuni keça Mahallalar uyuşmasining viloyat boşqarmasiga boşliq etib tayinlandi. Ma’lumot uçun, 2022 yilda Alimovga nisbatan DXX tomonidan jinoyat işi qözğatilgan va korrupsion jinoyatlarda ayblangan edi. Bu jinoyat işining keyingi taqdiri ma’lum emas va unga qöyilgan bir neçta epizodli ayblovlar isbotini topmagan bölişi mumkin. Har ehtimol bilan eslatib ötamiz, ötgan oydan kuçga kirgan yangi qonun bilan, korrupsion jinoyatlarda aybdor deb topilgan şaxslarni davlat işiga qabul qiliş taqiqlangan. Lekin bu taqiq amalda işlaşi uçun tegişli reyestrning işga tuşgani haqida yangilik bölganiça yöq.
Toşkentda qurilişdagi avariyadan keyin kanalizatsiya suvi kanalga oqizib yuborildi. Ötgan hafta oxirida Şota Rustaveli köçasida markaziy kanalizatsiya quvuri köçirilmay turib, kotlovan qazilişi oqibatida tuproq öpirilgan va kanalizatsiya quvuri uzilib ketgan edi. Rasmiylar hodisaga quruvçi kompaniya aybdor ekanini aytgan. Keyinroq ma’lum bölişiça, yorilib ketgan kanalizatsiya quvuridan çiqqan oqova suvlar Salor kanaliga oqizilgan. Ekologiya boşqarmasi holatni tasdiqlab, aybdorlarga çora körilişini ma’lum qildi.
Central Asia International Hardware Expo - Markaziy Osiyo quriliş asboblari, uskunalari va mahkamlaş buyumlari bozoriga töğridan-töğri çiqiş imkoniyati
Özbekiston volframi xalqaro eʼtirofga sazovor böldi
Puçon va KT&G Yaşil taşabbusni boşlamoqda
Laboratoriya sokinligining ham harorati bor: Özbekiston uçun Smolensk uskunalari
Uztelecom tarmoği modernizatsiyasi: yölning 90 foizi ortda qoldi. Oldinda yana qanday işlar bor?
Pauzasiz endoskopiya: muolaja xonasi eşigi ortida nimalar sodir böladi?
Yiliga 25 mingdan ortiq yangi uskuna: Özbekistonda $50 mln investitsiya hisobidan “NURA Electric” elektrotexnika majmuasi işga tuşirildi
Central Asia International Hardware Expo - Markaziy Osiyo quriliş asboblari, uskunalari va mahkamlaş buyumlari bozoriga töğridan-töğri çiqiş imkoniyati
Özbekiston volframi xalqaro eʼtirofga sazovor böldi
Puçon va KT&G Yaşil taşabbusni boşlamoqda
Laboratoriya sokinligining ham harorati bor: Özbekiston uçun Smolensk uskunalari
Uztelecom tarmoği modernizatsiyasi: yölning 90 foizi ortda qoldi. Oldinda yana qanday işlar bor?
Pauzasiz endoskopiya: muolaja xonasi eşigi ortida nimalar sodir böladi?
Yiliga 25 mingdan ortiq yangi uskuna: Özbekistonda $50 mln investitsiya hisobidan “NURA Electric” elektrotexnika majmuasi işga tuşirildi