O‘zbekiston | 10:22 / 17.08.2017
19756
4 daqiqa o‘qiladi

Videointervyu: Qo‘qon shahri hokimi mahalliy dolzarb muammolarga o‘z munosabatini bildirdi

Foto: Kun.uz

Xabaringiz bor Kun.uz saytining ijodiy jamoasi respublikamizning turli hududlarida bo‘lib, u yerdagi yutuqlar bilan birga kamchiliklarni ham borib o‘rganmoqda, tahlil qilmoqda. Shuni alohida aytish joizki, ushbu ijodiy safarlarimizga bizni muntazam kuzatib borayotgan va bugungi davr islohotlariga befarq bo‘lmagan odamlar murojaati turtki bo‘lmoqda. Tahririyatning navbatdagi ana shunday safari Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahriga bo‘ldi.

Mazkur safar davomida mahalliy aholi vakillari tomonidan bizga yo‘llangan murojaatlar imkon qadar o‘rganildi. Safar asnosida shahar hokimi Rahmatali Jalilov bilan barcha sohalarda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar, kamchiliklar va kelajakdagi rejalar haqida suhbat qurildi.

Qo‘qon shahridagi erkin iqtisodiy hudud haqida gapirar ekan R.Jalilov quyidagilarga to‘xtalib o‘tdi: “Bugungi kunda ushbu EIH (erkin iqtisodiy hudud) uch qismga bo‘lingan. Ikki qismi Uchko‘prik tumani hududida joylashgan bo‘lsa, bir qismi esa Qo‘qon shahrida barpo etilgan. Bu hududlar chet el sarmoyadorlarini jalb etish maqsadida qamrab olingan. Bugungi kunda bu yerda faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga yer ajratish ishlari olib borilmoqda. Buning uchun respublikada tuzilgan maxsus kengash ruxsatini olish talab etiladi. Ruxsat olish tartibi esa prezidentimiz tashabbuslari bilan anchayin soddalashtirilgan”.

Rahmatali Jalilov yana bir dolazrb mavzu – yoshlarni ish bilan ta'minlash masalasiga ham to‘xatlib o‘tdi: “Qo‘qon shahri uchun haqiqatan ham bu dolzarb masala, chunki hudud kichkina va aholi ko‘p. Bundan tashqari, o‘sish tezligi baland. Qo‘qonliklarning o‘ziga xos jihatlari shundan iboratki, ular uyda ham tadbirkorlik bilan shug‘ullanishadi. Ularning mana shu fazilatidan kelib chiqqan holda ularning o‘zlariga ish o‘rinlari yaratish dasturini amalga oshirganmiz. Bundan tashqari, mavjud kichik korxonalarni rivojlantirish va kengaytirish asosida ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirganmiz. Biz ishlab chiqqan uch yillik dasturda 8 mingdan ziyod ish o‘rni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bu ish o‘rinlari sanoat va xizmat ko‘rsatish evaziga amalga oshiriladi”.

Xabaringiz bor, Qo‘qon shahridagi gaz ta'minoti va unda kuzatilayotgan muammolar bo‘yicha Kun.uz saytida qator maqolalar e'lon qilindi. Aynan mana shu mavzuga to‘xtalib o‘tar ekan, shahar hokimi Rahmatali Jalilov shunday dedi: “Ko‘tarilgan masala haqiqatan ham jiddiy. Yaqinda gaz bilan bog‘liq holat bo‘yicha fojiali holatda yakun topgan voqea masalasi ham saytingiz orqali e'lon qilingan edi. O‘sha xonadon sohibi bilan xalq qabulxonasida bo‘lib suhbatlashdim. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, gaz ta'minotidagi uzilishlar hali ham yo‘q emas, bor. Bu holatga izoh beriladigan bo‘lsa, asl sababi yillar davomida gazlashtirishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardir. Masalan, Qo‘qon shahrida gaz ta'minoti xalqa tarzida berib borilgan, ya'ni quvurlar ana shunday o‘tkazilgan. Ammo bugunga kelib bu xato ekanligi mutaxassislar tomonidan aytilmoqda. Yuqorida aytib o‘tganimizdek uch yillik dasturimizda bu ishlarni ijobiy hal etish rejasi ham kiritilgan bo‘lib, unga 93 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan”.

Qo‘qon shahri hokimi Rahmatali Jalilov bilan bo‘lib o‘tgan suhbat davomida turli masalalar haqida ham gaplashildi. Murojaatlar asosida fikr almashildi.

Mavzuga oid