Joriy yilning 18 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi tomonidan brifing o‘tkazildi. Unda jurnalistlarga Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ko‘rib chiqilgan bir qator muhim qonun loyihalarining jamoatchilik muhokamalari yakuni va qonun loyihalarida partiya pozitsiyasining ifodalanishi bo‘yicha axborot berildi.

Brifingni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi rahbari N.Umarov olib bordi.

Ta'kidlanganidek, eng dolzarb qonun loyihalari O‘zbekiston “Adolat” SDPning quyi tuzilmalarida, jumladan, boshlang‘ich tashkilotlari faollari, mahalliy kengash deputatlari, ekspertlar hamda keng jamoatchilik ishtirokida muhokamadan o‘tkazildi. Olingan takliflar asosida ishlab chiqilgan partiya saylovoldi dasturi va elektorat manfaatlarini ifodalovchi aniq pozitsiyalar fraksiya yig‘ilishida ilgari surildi. Ushbu takliflar parlament quyi palatasining muhokamasida bo‘lgan qonun loyihalarini maromiga yetkazishda hisobga olindi.

Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida”gi qonun loyihasini maromiga yetkazib, qabul qilishda fraksiya a'zolari alohida jonbozlik ko‘rsatdilar. Deputatlar tomonidan inson huquqlari ustuvorligidan kelib chiqib, tadbirkorlarni ham, avvalo, inson sifatida himoya qilish maqsadida, o‘ta muhim qoidaning qonunda aks etishiga erishildi. Ya'ni tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning huquqlari aks etgan qonunning 8-moddasiga tadbirkorlarni himoya qilish maqsadida tadbirkorlik sub'yektlari – iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki mahkum bo‘lsa, ular bilan uchrashish uchun jazoni ijro etish muassasasiga moneliksiz kirish huquqini kafolatlovchi qoida kiritildi.

“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini yanada takomillashtirish, uni xalqchil va mukammal bo‘lishini ta'minlash maqsadida bir qator pozitsion takliflar bildirildi. Ushbu takliflar qonun tashabbuskorlari tomonidan to‘liq qabul qilindi. Jumladan, fraksiyaning qonun loyihasi ta'sir doirasini kengaytirishga doir taklifi inobatga olinib, mahalla institutiga ham ushbu qonun talablari majburiyligi belgilab qo‘yildi.

Qonun loyihasining birinchi o‘quvga taqdim etilgan tahririda murojaatlarning shakllari aniq belgilab berilmaganligi fraksiya a'zolari tomonidan asoslantirilgani bois qonun loyihasiga murojaatlarning shakllarini, ya'ni murojaatlar og‘zaki, yozma va elektron shaklda bo‘lishi mumkinligi haqida yangi norma kiritilishiga erishildi.