Jahon | 09:25 / 24.08.2017
4758
3 daqiqa o‘qiladi

Vayronkor “Xato” to‘foni Janubiy Xitoyda 12 kishining umriga zomin bo‘ldi

Foto: Reuters

Janubiy Xitoy mintaqasiga 23 avgustda yopirilgan “Xato” to‘foni 12 kishining umriga zomin bo‘ldi. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi xabar bermoqda.

To‘fon oqibatida Xitoyning maxsus ma'muriy tumanlari bo‘lgan Makao va Hongkong, Guandun va Futszyan viloyatlari jabr ko‘rgan.

To‘fon Makaoda eng ko‘p sondagi qurbonlarga olib keldi. Hukumatning oxirgi ma'lumotlariga ko‘ra, bu yerda 8 kishi halok bo‘lgan, 153 kishi shifoxonaga yotqazilgan. 

Chjuxay shahri (Guandun viloyati) ma'muriyati ikki kishi halok bo‘lgani, 275 uy vayron bo‘lgani, iqtisodiy ziyon 825 mln dollarni tashkil qilganini ma'lum qilgan. 

Shuningdek, Chjunshan shahrida ham tabiiy ofat oqibatida 2 kishi hayoti uzilgan.

Hongkongda qurbonlardan qochishga muvaffaq bo‘lingan, biroq shifoxonalarga 120 kishi turli jarohatlar bilan yetkazilgan.

To‘fon mamlakat janubining transport tizimida jiddiy muammolar keltirib chiqargan, bir nechta yuqori tezlikdagi temir yo‘l yo‘nalishlari, jumladan Guanchjou-Shenchjen-Hongkong, Syamen-Shenchjen yo‘nalishlarida qatnov to‘xtatilgan.

23 avgustdagi ma'lumotlarga ko‘ra, Chjuxay aeroportida 247 ta ichki va xalqaro reys, Shenchjen aeroportida esa 298 ta reys bekor qilingan, 44 ta reys ushlangan. Makao aeroportida 55 ta reys qoldirilgan. Hongkong aeroporti eng ko‘p talofat ko‘rgan, bu yerda 365 ta reys bekor qilingan, 37 tasi ushlangan.

Kuchli yomg‘irlar va shamollar binolar qulashi, daraxtlar ag‘darilishi, aloqa va elektr ta'minoti liniyalari uzilishiga olib keldi. Kuchli to‘lqinlar oqibatida Honkong va Shenchjenddagi ko‘priklar va dengiz portlari talofat ko‘rdi.

24 avgust ertalab to‘fonning mamlakat ichiga kirib borishi va sustlashishi bilan shtorm xavfi bekor qilindi. 

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida Hongkongning o‘zida ko‘rilgan zarar 1,02 mlrd dollarga baholanmoqda. 

Mavzuga oid