Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi

Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2017 yil 14 avgustda qabul qilingan bo‘lib, Senat tomonidan 2017 yil 24 avgustda ma'qullangan.

Hujjatga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil mansabdor shaxs bo‘lib, u tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini, mazkur huquklar va qonuniy manfaatlarga davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan rioya etilishini ta'minlaydi.

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Tayinlanish kuni o‘ttiz yoshga to‘lgan, oliy ma'lumotli, davlat tilini biladigan, tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatda yoxud tadbirkorlik faoliyatida tajribaga ega bo‘lgan, bevosita tayinlanishidan oldin kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil etib tayinlanishi mumkin.

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil o‘zining siyosiy partiyaga a'zoligini o‘z vazifalarini bajarayotgan davrda to‘xtatib turishi yoki tugatishi shart. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil ilmiy, pedagogik va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emas.

Qonun ko‘ra, tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari quyidagilardan iborat: tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish hamda amalga oshirishda ishtirok etish, davlat organlari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish, tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyatini tekshirish amalga oshirilayotganda ularni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda ro‘yobga chiqarilishini o‘rganish.