O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilindi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Ma'naviy hayotimizni yuksaltirishda ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan ana shunday muhim vazifalarni kompleks hal qilish, kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini takomillashtirish, o‘zbek va dunyo adabiyotining eng yaxshi namunalarini internet tarmoqlariga joylashtirish va ularni targ‘ib qilish hamda keng kitobxonlar ommasiga yetkazish ishlarini samarali tashkil etish maqsadida: 

1. Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

Dasturda ko‘zda tutilgan quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratilsin: 

kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish, noshirlik va matbaa sohalarini yanada rivojlantirishga oid normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan kitoblarni, ayniqsa, bolalarga mo‘ljallangan adabiyotlarni chop etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash; 

kitob mahsulotlari bo‘yicha davlat buyurtmasining asosiy yo‘nalishlarini shakllantirish, adabiy-badiiy, o‘quv-uslubiy, ilmiy-nazariy, ilmiy-ommabop va ko‘rgazmali adabiyotlarni chop etish va tarqatish tizimini takomillashtirish, ixtisoslashtirilgan kitob do‘konlari faoliyatini rivojlantirish; 

jahon adabiyotining eng sara namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilish bo‘yicha davlat buyurtmalari berish, ularni ko‘p nusxada yuksak sifat bilan nashr etish va moliyalashtirish tizimini yo‘lga qo‘yish, kitob tarqatish tizimini yanada rivojlantirish va kitob mahsulotlarining narxini shakllantirish va sotish bo‘yicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqish choralarini belgilash; 

axborot-kutubxona faoliyatini kuchaytirish, ta'lim muassasalari axborot-resurs markazlarining kutubxona fondlari, kutubxonalar, tashkilot va muassasalarning “Ma'naviyat xonalari”ni o‘quv-uslubiy adabiyotlar, adabiy-badiiy, ma'rifiy va ilmiy-ommabop kitoblar bilan boyitish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash; 

nashriyotlar va matbaa sohasi mutaxassislarini, badiiy va texnik muharrirlar, grafikachi rassomlar, axborot-kutubxona xodimlarini tayyorlash, malakasini oshirish va rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish;