Xohlagan bir odamni to‘xtatib, unga mikrafon tuting va bugungi hayot haqida fikr so‘rang: 7 yoshdan 70 yoshgacha aksariyat yurtdoshlarimiz «Mustaqilligimiz sharofati bilan», «Yaratilayotgan keng imkoniyatlardan foydalanib...» degan shablon iboralarni dastak qilgancha obrazga kirib, sallamno aytishga kirishadi. Ozgina bo‘lsa-da vijdoni bor jurnalistning bundan eng kamida ko‘ngli aynishi turgan gap. Ammo, tan olaylik, bunday yombi misol quyma «uchar iboralar»ni aynan o‘zimiz yozaverib, gapiraverib, ko‘rsataverib, kattayu kichikning ongiga singdirib tashladik. Ehtimol, ayb bizda ham emasdir?! Ehtimol...

Mayli, «ehtimollar»ni qo‘ya turamiz. Aytmoqchi bo‘lganim, yaxshiki, an'aviy OAVning yangi turi sifatida baholanayotgan Internet dunyo yuzini ko‘rdi va bugun u jamiyatning asl ko‘zgusiga aylanib ulgurdi. «Shohi bor Iskandarlar» uchun esa «dard aytarga quduq» maqomini oldi. Shu bois, odamlar goh oshkor, goh yashirin qiyofalarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘z fikr-mulohazalarini aytib, ko‘ngil bo‘shatib oladigan bo‘ldi... 

Kun.uz sayti tarmoqlarni kuzatib, haftaning eng ko‘p muhokamaga sabab bo‘lgan mavzulari haqida yurtdoshlarimiz fikrini to‘plab, jamoatchilikka taqdim etib bormoqda. Maqsad, odamlar fikrini o‘rganish, ularni o‘ylantirayotgan muammolar haqida xabardor qilish.

O‘tgan haftada tarmoqlarning «xit» mavzusi o‘qituvchi va shifokorning kaltaklanishi bo‘lgandi. Keyingi o‘rinda paxta mavzusi shaboda misol esa boshladi. 22 sentabr kuni saytimizda «Xushxabar! Barcha talaba, o‘qituvchi va tibbiyot xodimlari paxta terimidan qaytariladi» nomli xabarning e'lon qilinishi bilan sokin esib turgan «shaboda», «shamol»ga aylandi. Tarmoq foydalanuvchilari bu kutilmagan xabarni bee'tibor qoldirishmadi.

An'anaga muvofiq, saytimiz yurtdoshlarimiz fikriga munosabat yoki sharh bermay keltiradi. Plyuralizm mavjudligi fikr qilish uchun sizga keng imkon, mo‘l misol beradi. Demak, ular bilan tanishamiz (ayrim fikrlarda imloviy xatolar borligi bois, tahrirlandi):    

«Biz xam paxta terganmiz talabalik davrida. Hech ham zarari yo‘q, soppa-sog‘miz, o‘lganimiz yo‘q, mayib bo‘lganimiz yo‘q. O‘qishni ham o‘zlashtirganmiz. Ozgina mehnat qilishsa, qadriga yetarmidi yoshlar, qora mehnat nimaligini his qilisharmidi, dalada yashash qanaqa bo‘lishini bilisharmidi. Juda erkalatib yubormayapmizmi yoshlarni...» (Nargiza Hakimova)

***

«Obbo, nima hazilni tushunmaysizlarmi? Shunchaki hazillashib qayt desa, qaytaveradimi axir? Tilxat yozib va'da berdingmi bajar!!! Nima sizlar hokimmidingiz bugun va'da berib, ertaga esingizdan chiqaradigan? O‘qituvchi degan odamning gapi bitta bo‘lishi kerak, ha shunday!!!»