08:19 / 26.09.2017
50142

BMT Bosh Assambleyasida eng uzoq nutqni kim so‘zlagani ma'lum bo‘ldi

Foto: UN

Falastin prezidenti Mahmud Abbos BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi umumsiyosiy munozarasida eng uzoq vaqt davomida nutq so‘zladi. Falastin rahbari 43 daqiqa gapirgan – AQSh prezidenti Donald Trampdan 2 daqiqaga ko‘proq.

"Eng uzoq vaqt davom etgan nutq – 43 daqiqa bo‘lib, u Falastin Davlati prezidenti tomonidan debatlarning ikkinchi kunida so‘zlandi. Ikkinchi o‘rinda – AQSh prezidenti Donald Tramp. U birinchi kuni 41 daqiqa davomida nutq so‘zladi", - degan Bosh Assambleya raisining matbuot kotibi Brenden Varma jurnalistlarga.

19 sentabr kuni boshlangan va dushanba kuni yakuniga yetgan munozaralarda 196 notiq ishtirok etdi. Ular orasida BMTga a'zo davlatlar vakillari hamda Vatikan, Falastin va Yevropa ittifoqidan kuzatuvchilar bor. Debatlarning so‘nggi kunida 11 davlat vakillari chiqish qildi.

BMT kotibiyati forum ishtirokchilariga o‘z nutqini 15 daqiqa bilan cheklashni tavsiya etadi. Nutq so‘zlovchi qancha vaqt davomida chiqish qilayotganini bilishi uchun Bosh Assambleya zalidagi tribuna maxsus chiroq bilan jihozlangan. Vaqt hali bor bo‘lsa, tribunada yashil chiroq porlab turadi, so‘nggi daqiqada esa sariq rang yona boshlaydi. Vaqt o‘z yakuniga yetganida nutq so‘zlovchi oldida qizil signal paydo bo‘ladi.

Eng qisqa bayonot esa Litva prezidenti Dali Gribauskayte tomonidan qilindi. Uning nutqi besh daqiqa davom etdi hamda u ikki daqiqadan ko‘proq vaqt davomida Rossiyaning tajovuzkorligi haqida gapirgan. 

Eron, KXDR, Suriya va Venesuela davlatlari vakillari 20 daqiqadan sal uzoqroq nutq so‘zlashdi. Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrovning BMTdagi nutqi 19 daqiqa davom etdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT minbarida taxminan 18 daqiqa nutq so‘zlagan.

Eslatib o‘tamiz, BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasidagi umumsiyosiy munozaralar 25 sentabr kuni yakuniga yetdi.

Top