1:1 hisobidagi durang natija Kosta-Rika milliy terma jamoasiga saralash bosqichining Shimoliy Amerika mintaqasida ikkinchi o‘rinni egallashini ta'minladi.
Meksika KONKAKAFning birinchi, Kosta-Rika – ikkinchi jamoasi sifatida Rossiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga yo‘llanma olgan. Keyingi turda uchinchi ishtirokchi ma'lum bo‘ladi, to‘rtinchi vakil Osiyoning beshinchi jamoasiga (Avstraliya yoki Suriya) qarshi o‘tish o‘yinlarida ishtirok etadi.

Ayni vaqtda guruhda 12 ochko to‘plagan AQSh va 10 ochkosi bor Panama uchinchi o‘rin uchun raqobat qilmoqda. Bu terma jamoalar oxirgi turda o‘zaro o‘yin o‘tkazadi. Yo‘llanma uchun Hondurasda ham imkoniyat saqlanib qolgan (10 ochko).

Kosta-Rika Jahon chempionatiga yo‘llanmani naqd qilgan 13-ishtirokchi bo‘ldi. Kostarikaliklar sayyoraning asosiy futbol turniriga o‘z tarixida beshinchi bor yo‘l olmoqda.
JCh-2018 ishtirokchilari quyidagi ro‘yxatda:
Yevropa: Rossiya (turnir mezboni), Belgiya, Germaniya, Angliya, Ispaniya;
Osiyo: Eron, Yaponiya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni;
Janubiy Amerika: Braziliya;
KONKAKAF: Meksika, Kosta-Rika;
Afrika: Nigeriya.











