O‘zbekiston | 14:22 / 09.10.2017
24102
4 daqiqa o‘qiladi

The Wall Street Journal O‘zbekistonni mintaqadagi o‘zgarishlarning asosiy sababchisi deb atadi

Foto: President.uz

Sovetlar Ittifoqi davridan keyingi Markaziy Osiyo, bahsli chegaralar bilan ajratilgan va ko‘pincha raqobat qiluvchi davlatlar mintaqasi bo‘lgani holda, bugun avvalgi ziddiyatlarni bartaraf etish hamda bu yerda o‘n yillab kuzatilmagan hamkorlikning yangi darajasini o‘rnatish tomon harakatlanmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal gazetasida 5 oktabr kuni e'lon qilingan maqolada so‘z yuritiladi. «Jahon» AA tomonidan uning qisqacha tarjimasi keltirilgan.

Muallif Yaroslav Trofimov o‘zgarishlarning asosiy va harakatlantiruvchi kuchi O‘zbekistonning yangi mintaqaviy siyosati ekanini aytadi. Ushbu davlat Markaziy Osiyo aholisining 45 foiziga egalik qilgani holda, mintaqadagi barcha davlatlarga kuchli ta'sir ko‘rsatadi.

Skrinshot: The Wall Street Journal

Maqolada prezident Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosiy faoliyatiga yuqori baho beriladi, u Markaziy Osiyoni o‘zbek diplomatiyasi uchun bosh ustuvor yo‘nalish sifatida belgiladi.

Jurnalist Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan 72-sessiyasidagi nutqidan iqtibos keltirgan: «Tinch va farovon Markaziy Osiyo - bizning asosiy maqsadimiz hamda muhim vazifamiz ... Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan barcha masalalar bo‘yicha oqilona murosaga tayyormiz».

Muallifning fikricha, O‘zbekistonning jasoratli va faol qadamlari «Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi iqtisodiyotning rivojlanishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatishga qodir. Bu o‘tmishda zo‘ravonlik kayfiyatidagi ekstremizmning o‘sishiga sabab bo‘lgan millatlararo ziddiyatlarni kamaytirishi mumkin».

Muallif bir necha hafta avval O‘zbekiston prezidenti qo‘shni Qirg‘izistonga tashrif buyurganini eslaydi. Bu o‘tgan yillar ichida birinchi oliy darajadagi tashrifga aylandi. Uchrashuv yakunida ikki mamlakat o‘rtasida davlat chegarasi to‘g‘risida tarixiy bitim imzolandi. Uning ketidan boshqa amaliy qadamlar ham qo‘yildi: chegara punktlari faoliyati qayta tiklandi va o‘zaro safarlarga oid ko‘plab cheklovlar olib tashlandi. Bularning barchasi katta yutuqdir, chunki chegarada bo‘yicha keskinlik davlatlararo munosabatlardagi eng murakkab masalalardan biri edi.

Chegara bilan bog‘liq muammolarning hal etilishi, The Wall Street Journal’ning yozishicha, har ikki tomondagi odamlarga yillar davomida ko‘rmagan qarindoshlari va do‘stlarining oldiga borish imkonini berdi. O‘zaro savdoga katta turtki berildi, uning hajmi geometrik progressiya bilan o‘sib bormoqda.

Maqolada Tojikiston bilan munosabatlardagi ijobiy dinamikaga alohida e'tibor qaratilgan. Muallifning ta'kidlashicha, 2017 yilda Toshkent va Dushanbe o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar 25 yil ichida birinchi marotaba qayta tiklandi. Ko‘rgazmalar, ekspozitsiyalar va boshqa madaniy tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning qo‘shnilar bilan do‘stona va oldindan bilish mumkin bo‘lgan aloqani saqlab qolish lozimligi haqidagi fikri keltiriladi. «Biz bularsiz xavfsizligimizni ham, barqaror rivojlanishimizni ham kafolatlay olmaymiz», - deya O‘zbekiston TIV rahbari so‘zlarini keltiradi nashr.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid