JSST: O‘zbekistonda tibbiy xizmat hamyonbop bo‘lishi kerak
O‘zbekistonda tibbiy xizmat hamyonbop bo‘lishi kerak, ya'ni bemorlar davolanishda qiyinchilikka duch kelmasligi kerak. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning O‘zbekistondagi Vakolatxonasi rahbari Lianne Kuppens Xalqaro Press-klub minbarida shunday bayonot bilan chiqdi. Tadbirda qatnashgan KUN.UZ muxbiri shu haqida xabar berdi.
Lianne Kuppens O‘zbekistonda onalar va bolalar sog‘lig‘i, vaksinalar, yuqumli kasalliklarga berilayotgan e'tiborni alohida qayd etgan holda yuqumsiz kasalliklar e'tibordan chetda qolayotganini ta'kidladi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda yuqumli kasalliklarga chalinayotganlar soni kamaygan, biroq yuqumsiz kasalliklar bilan kasallanganlar soni oshgan.
Kuppens mamlakatimizda shu kunga qadar sog‘liqni saqlash sohasida qilinayotgan ishlarni ijobiy baholab, oldinda bu borada qilinadigan ishlar hali ko‘p ekanini qayd etdi.
Bundan tashqari, Lianne Kuppens sohada yanada kengroq qamrov zarurligini alohida ta'kidladi:
"Idoralararo hamkorlik kerak, bu yo‘nalishdagi ishlarga barcha vazirliklarni jalb qilish lozim, bu masalalarni hal qilishda IIV, prokuratura - barcha-barchasi muhim. O‘zbekistonda qanday yangi dastur amalga oshirilmasin, tizim va barqarorlik zarur. Hatto respublikaning chekka hududlarida ham shunday tizimlarni yo‘lga qo‘yish kerak. Bularning barchasi uchun esa faqat Sog‘liqni saqlash vazirligi emas, barcha vazirliklar ishtiroki muhim ahamiyatga ega".
Kuppens xonim nutqi yakunida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida hech bo‘lmaganda 5 yillik Milliy dastur ishlab chiqish taklifini kiritdi.
Mavzuga oid
18:19 / 13.11.2024
JSST maktab o‘quvchilariga yuklama ortib borayotganidan xavotirda
18:52 / 08.11.2024
Har yili dunyoda 1 milliarddan ortiq bola zo‘ravonlikka duchor bo‘lmoqda - JSST
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
17:48 / 06.11.2024