Jamiyat | 10:40 / 25.10.2017
10659
4 daqiqa o‘qiladi

Nike minglab xodimlarining ishsiz qolishiga olib keluvchi yangilik joriy qilmoqchi

Foto: EAST NEWS

Nike o‘z ishlab chiqarish uslublarida jiddiy o‘zgarishlarni amalga oshirmoqchi. Kompaniya krossovkalar ishlab chiqarilishini tezlashtirish va bu jarayon bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytirish maqsadida avtomatlashtirish bo‘yicha yetakchi mutaxassislar bilan hamkorlik qilmoqda. Kompaniya o‘z ishlab chiqarishini avtomatlashtirib, o‘z daromadini oshirmoqchi, biroq shu bilan birga minglab osiyoliklar va boshqa davlatlardagi xodimlarini ishsiz qoldirishi mumkin.

Kompaniya krossovkalarini ishlab chiqarishdagi texnologik "portlash" 2012 yilda yuz bergan. O‘shanda kompaniyada sport poyabzallarini ishlab chiqarish uchun yangi material – Flyknit ishlatila boshlangan. U krossovkalarning ustini choksiz va yumshoq qilib ishlashga imkon beradi. Bu esa marafonchilar va boshqa sportchilar tomondan ijobiy qabul qilingan.  Bundan tashqari, bunday krossovkalar yelimlanmaydi, ularni maxsus mashina "tikadi". Bungacha standart  krossovka turli o‘lchamdagi 200 ta qismdan iborat bo‘lgan bo‘lsa, endi u bir yaxlit holda yaratilmoqda. Bu monolit esa robot tomondan yaratiladi va lazer bilan qotiriladi.

Bu material yaratilishi bilan ishlab chiqarish jarayoni o‘zgarishi oydinlashdi. Nike bu yo‘lda avtomatlashtirish sohasida yetakchi kompaniya Flex bilan hamkorlik qila boshladi. Bu hamkorlikning natijalaridan biri Meksikada Nike’ning eng yirik fabrikasi vujudga kelishi bo‘ldi. Bu fabrika arzon ish kuchiga emas, balki avtomatlashgan ishlab chiqarishga moslab qurildi. Fabrikada alohida qismlar bir-biriga lazer bilan qotiriladi. 

Kompaniya uchun bu holat bir nechta muhim natijalarga ega bo‘ladi. Kamroq ishchi va ishlab chiqarish hajmi oshishi hisobiga daromad ancha oshishi kutilmoqda. Shu bilan birga kompaniya yangi g‘oyalar va dizaynerlik yechimlarini poyabzalning o‘zida amalga oshirishi mumkin. Hozir muhandislar stolidan tayyor krossovka paydo bo‘lgungacha bir necha oy o‘tadi. Shu sababli bozorga chiqqan model eskirib qolishi mumkin. Biroq lazer qirqish va avtomatik yelimlash evaziga bu vaqt bir necha haftagacha kamayadi. Kompaniya iste'molchilarning istaklariga mos holda modellar qatorini tezroq o‘zgartirishi mumkin bo‘ladi. 

Biroq bu masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Kompaniya turli millatlar vakillarini ish bilan ta'minlagan eng yirik ish beruvchi hisoblanadi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, kompaniya fabrikalarida 493 ming kishi ishlaydi. Endi ulardan har biri ular o‘rinlariga robotlar kelishi mumkinligidan xavotirlanmoqdalar. O‘z vaqtida kompaniya o‘z ishlab chiqarishini katta ko‘lamlarda rivojlanayotgan davlatlarga ko‘chirib o‘tkazgan ilk kompaniya bo‘lgan. Oxirgi 20 yildan beri kompaniya huquq himoyachilari tomondan og‘ir mehnat sharoitlarini yaratganlikda ayblanib keladi. Endi mutaxassislarning fikricha, kompaniyaning ishlab chiqarishini avtomatlashtirishi kompaniya uchun turli davlatlarda siyosiy muammolarni ham keltirib chiqarishi mumkin. Axir hech qaysi davlat minglab odamlari ishsiz qolishini istamaydi. Shu tariqa kompaniya ikki tanlov orasida qoladi: avtomatlashtirish yoki ish o‘rinlarini saqlab qolish. Kompaniyaning o‘zida ta'kidlanishicha, ishlab chiqarish hajmlarining oshishi avtomatlashtirishni joriy qilishga ham, ishchilarni saqlab qolishga ham yordam beradi.

Kiyim-kechak va poyabzal ishlab chiqarish sohasi robotlar jadal kirib borayotgan sohalardan biri hisoblanadi. Oktyabrda Nike’ning asosiy raqobatchisi Adidas robotlar tomondan yaratilgan krossovkalarni sotishni boshladi. Kompaniya Atlantada yana bitta robotlashtirilgan fabrika qurmoqchi. Shu bilan birga 3D-printerlar robotlarni ta'qib qilmoqda. Nazariy jihatdan bunday printerlar krossovkalarni hech qanday choklarsiz, yaxlit holda bosib chiqarishi mumkin.

Mavzuga oid