Sport | 14:00 / 30.10.2017
26509
15 daqiqa o‘qiladi

O‘FF Oliy liga jamoalari sonini kamaytirib to‘g‘ri qildimi?

Biroz avvalroq shu saytda hamkasbim Shuhrat Shokirjovning «12 jamoalik chempionat va uning afzalliklari» sarlavhasi ostida maqolasi e'lon qilingandi. Maqolada oliy ligamizdagi jamoalarning sonini qisqartirish haqida so‘z borib, muallif shu orqali chempionatimizni yanada qiziqarliroq qilish mumkin ekanini ta'kidlaydi.

Bugun esa O‘zbekiston futbol federatsiyasi rahbariyati jurnalistlar takliflari asosida Oliy Liga jamoalari sonini 12taga tushirish haqida qaror qabul qilgani haqida ma'lum qildi.

Ushbu fikrlarga qo‘shilmaganim uchun, men ham bu mavzuga munosabat bildiraman. 

Shokirjonov yangi formatning yaxshiroq ekanini isbotlashga uringan, ammo yetarlicha asoslantirmagan. Misol uchun, uning aytishicha, agar oliy ligamiz jamoalari soni 16tadan 12taga qisqartiriladigan bo‘lsa, hamma o‘yinlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etilib, turlar o‘rtasida turli tahliliy ko‘rsatuvlar ko‘payib, translyatsiyalar bilan bog‘liq zo‘r shartnomalar tuzilib, klublarimiz brend darajasiga chiqib ketar ekan va viloyatlarda ham «Bunyodkor»ning fanatlari paydo bo‘lib qolar ekan.

Ochig‘i, bu bog‘liqlikni umuman tushuna olmadim - xo‘sh, to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiyalarning yoki TV translyatsiyalardan daromadlarning yo‘qligiga 1 turda 6 emas, 8 o‘yin bo‘layotgani to‘siq bo‘lib turibdi xolosmi? Nahotki, mana shunday ijobiy o‘zgarishlarni 16talik tizimda amalga oshirishning iloji bo‘lmasa? Aytaylik, Rossiya va Ispaniyada har bir o‘yin ketma-ket bo‘lib o‘tadi, TV shartnomalar shunaqa tuzilgan, ammo Germaniya va Angliyada boshqacharoq, ayrim o‘yinlar bir vaqtga tashkil etiladi. Bu holat shunchaki, bir-biridan farqli format xolos, birini ikkinchisidan afzal deb, aksioma yaratib bo‘lmaydi. 

Yana muallifning aytishicha, jamoalarga muxlislik qilishning tuman yoki viloyat bilan cheklanmasligi, boshqa joylarda ham klublar brendini yaratishga zamin yaratadi va masalan Samarqandda «Paxtakor» muxlislari guruhi paydo bo‘lishi mumkin ekan. Umuman olganda, «Lokomotiv», «Paxtakor» kabi grand jamoalarimizning viloyatlarda o‘z muxlislariga ega bo‘lishga harakat qilishlari uchun Oliy ligadagi jamoalar soni zinhor to‘siq emas. Zero shundoq ham Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Sirdaryo, Surxondaryo, Andijon kabi viloyatlardan hozir Oliy ligada jamoalar yo‘q, xo‘sh, u yerda «Bunyodkor»ning yoki umuman oliy ligamizning ashaddiy muxlislari paydo bo‘lyaptimi? Yo‘q, albatta. 

Shuhrat Shokirjonovning 12-14talik, ya'ni qisqa jamoalardan iborat formatni tanlagan bir qator davlatlarni sanab o‘tgani qiziq, chunki, ushbu ligalarning birortasiga havas qilish mumkin emas. Sanab o‘tilgan davlatlarning birortasida, mana shu o‘zgarish tufayli biror ijobiy ta'sir bo‘lganini aytish mushkul. Hatto misol qilingan Janubiy Koreyani ham. Shaxsan men, klub miqyosda ham, terma jamoa miqyosda ham, o‘z darajasidan past natijalarni ko‘rsatmoqda, deb o‘ylayman. Aksincha, butun dunyo tomosha qiladigan va sotib oladigan, eng ahamiyatlisi, top-o‘yinlarning sonini oshishidan manfaatdor bo‘lgan Angliyada formatni o‘zgartirish bilan bog‘liq harakatlar umuman kuzatilmayapti. Ispaniya «klasiko»ni bir yilda olti marta qilaylik, deb bosh qotirmayapti.   

Jamoalar sonining qisqarishi natijasida o‘rtamiyonalarning yo‘qolishi, ochkolar qadrining oshishi, o‘tkinchi va kelishilgan o‘yinlarning kamayishiga olib kelar ekan. Bilasizmi, bu yerda nozik bir jihatga e'tibor qaratish kerak.

Har qanday Liganing kelishilgan va o‘tkinchi o‘yinlarga qarshi format orqali kurashishi absurddir. Bu bilan Liga o‘zini o‘zi sharmanda qilayotgan, klublarning Liga o‘yinlariga bo‘lgan munosabatining yetarli emasligini tan olgan bo‘ladi. Kelishilgan o‘yinlar bilan surishtiruv va tergov harakatlari orqali kurashiladi, formatni o‘zgartirish orqali emas. Klublarga oltinchi yoki o‘n birinchi o‘rinni egallashlari qiziq emas ekan, o‘z muxlislarini hurmat qilmas ekan, bu ham formatning emas, munosabatning oqibatidir. 

Klublarning liga o‘yinlariga bo‘lgan munosabati, kelishilgan va o‘tkinchi o‘yinlarning borligiga formatning aloqasi yo‘q. Masalan, klublarning ko‘pligi 6-10 o‘rindagi jamoalar tepadagi yoki pastdagi raqiblarga o‘yinni sotish imkoniyatini oshirib yuborayotganini aytiladi. Eh, klublarga bo‘lgan bunday munosabat bilan, umuman biz futbol o‘yinlarini tashkil qilishdan nima naf? 

Qarang, taklif qilinayotgan «intriga»ga e'tibor bering - 12 jamoa ikki davra ishtirok etadi va uchinchi bosqichda dastlabki 6 o‘rinni olgan jamoa chempionlik uchun, keyingi 6 jamoa ligadan tushib ketmaslik uchun kurash olib borishar ekan. Shu orqali biz klublarimizga motivatsiya berib, o‘tkinchi o‘yinlarni yo‘qotar ekanmiz.

Keling, men ham ularning mantig‘i bilan harakat qilaman va taklif qilinayotgan formatda ham o‘tkinchi o‘yinlarga sharoit kattaroq ekanini isbotlab beraman. Xo‘sh, bunday formatda ikki yo‘l bor - yo ikkinchi bosqich boshlanayotganda, jamoalarning avvalgi 2 davradagi ochkolari saqlanib qoladi, yoki hammasi noldan boshlanadi. Tahlil qilamiz:
Agar ochkolar saqlansa: Tasavvur qiling, ikki davradan keyin 1-o‘rindagi  «Lokomotiv»da 35 ochko, oltinchi o‘rindagi «Buxoro»da 21 ochko bo‘ladi. «Buxoro»da chempionlik uchun imkoniyat bormi? Yo‘q. Undan ko‘ra o‘sha tepadagi «Lokomotiv» yoki «Paxtakor»ga o‘yinlarni sotmaydimi? Xuddi shu shaklda, 7-o‘rin bilan pastki guruhda qolgan jamoani ham tushunish mumkin. 

Agar noldan boshlansa: Ha, qiziq, uchinchi davrada «Lokomotiv» ham, «Buxoro» ham 0 ochkodan boshlashadi, ikkalasida ham chempionlik uchun teng imkoniyat. Zo‘r. Ammo ikkinchi davra qanday o‘tgan bo‘ladi, deb o‘ylaysiz? Ochkolari yetarli bo‘lib, kuchli oltilikka kirishi avvaldan aniq bo‘lib ulgurgan «Lokomotiv» pastdagilarga o‘yinlarni sotmaydimi? Yoki bu o‘yinlarga o‘tkinchi munosabatda bo‘lmaydimi?

Ko‘rayapsizmi, agar Liganing, jamoalarning o‘yinlarga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirmas ekanmiz, format hech narsa qilib bera olmaydi. 

Endi qiziqarli o‘yinlar haqida

«Qiziqarli o‘yinlar» atamasi ham biroz bahsli. Biz nega mundialga chiqishni istayapmiz? Chunki O‘zbekistonning u yerda Argentina bilan o‘yinini ko‘rish biz uchun qiziqroq. Argentina - Germaniya o‘yinidan ham ko‘ra qiziqroq, biz uchun to‘g‘rimi? Xuddi shu shaklda, farg‘onalik muxlis uchun «Neftchi» - «Paxtakor» o‘yinini ko‘rish «Lokomotiv» - «Paxtakor»dan ko‘ra qiziqarliroq bo‘ladi. Muallifning aytishicha esa, yo‘q, «Toshkent derbisi» butun respublika uchun qiziqroq ekan. Bu fikrga qo‘shilmayman. 

Bundan tashqari, o‘yin shiddati va qiziqligi jihatidan aynan kuchli jamoalarning o‘yinini alohida e'tiborga olinishining sababi, bu o‘yindagi tikilgan ochkolarning qiymatidir. Toshkent derbisida g‘olib chiqqan jamoa chempionlik uchun imkoniyatini oshiradi, shu tomondan qiziq. Lekin bu o‘yin yilda ikki emas, to‘rt marta bo‘lsa, har biri shu qadar e'tiborli bo‘ladimi? Yo‘q, chunki endi, jamoalar uchun imkoniyat bir emas, to‘rtta bo‘ladi. Har qanday Chempionlar Ligasi finalini 2 o‘yindan iborat qilib qo‘ying, oxirgisi qiziqroq bo‘ladi va o‘sha o‘yin ham bugungi bir martalik finallardan qiziq bo‘lmaydi, ishonavering. Shaxsan o‘zim, qaysidir yili bir oyda uch marta «El Klasiko» bo‘lganida, ulardan birini ko‘rmagan edim. 

Birinchi liga chindan ham kuchayadimi?

Agar rostan ham bizda qiziqroq, tomoshaboproq 1-liga bo‘lganida, balki oliy liga jamoalarini kamaytirish orqali, u yerdagi kuchli jamoalar sonini oshirishimiz va aslida 2ta kuchli, tomoshabop ligaga ega bo‘lishimiz mumkin edi. 

Yo‘q, hozirda bizda atigi bitta liga bor, u ham bo‘lsa, oliy ligadir. Birinchi ligamiz o‘z holicha davom etyapti va faqat oliy ligamizdagi so‘nggi o‘rinlarda biroz intriga yaratib turish uchungina mavjud xolos. U yerdagi jamoalar yuqoriga chiqishni istashmaydi va ishonamanki, hozir oliy ligada 10-14 o‘rinda turgan jamoalarni ham u yerga tushirib yuborsak, ular ham yo‘q bo‘lib, hozirgi birinchi ligadagi jamoalarga o‘xshab qoladi xolos. 

Futbol geografiyasi nima bo‘ladi?

Tan olaverish kerak, bizda futbol ijtimoiy hodisa. Demak, futbol geografiyasining katta bo‘lishi uning tomoshabinlari sonini ham orttiradi. Agar Termizda futbol jamoasi bo‘lmasa, u Shokirjonov aytganidek, «Bunyodkor» brendiga emas, «Real»ga yoki «Chelsi»ga muxlislik qilib qo‘ya qoladi. APL yoki La Liga o‘z mahsulotini qog‘ozga o‘rab, futbol yulduzlarini ekraningiz ortiga olib kelib qo‘ygan ekan, qanday qilib PFL bu bilan raqobat qilsin? Va eng qizig‘i, jamoalarimiz sonining 12ta bo‘lishi qanday qilib bunga ta'sir o‘tkazsin?

Albatta, sport prinsiplari muhim, har bir viloyatdan oliy ligada jamoa bo‘lishi kerak degan yo‘nalishda ish olib borish to‘g‘ri kelmaydi. Lekin 16talik tizimda bunga nazariy imkoniyat bor, shaxsan men, har bir viloyatdan oliy ligada jamoa bo‘lishini orzu qilaman. 12talik formatda esa, agar uchta poytaxt jamoasini ham e'tiborga olsak, kamida 5-6 viloyat, balki respublikamizning yarim aholisi katta futbolsiz qoladi.

Bu nafaqat muxlislar faktori, balki aytaylik, yosh futbolchilarning chiqishlari uchun ham to‘siqdir. Shartli andijonlik iqtidorli futbolchi bola, agar o‘zi yashaydigan viloyatda yaxshi futbol jamoasi bo‘lmasa, u qanday qilib o‘zini namoyon qilishi mumkin? 

Shuningdek, oliy liga tarkibiga qarasak, ma'lum muammolar girdobida qolgan «Obod»ni aytmaganda, bu yerda turishga loyiq bo‘lmagan yaqqol autsayderlar yo‘q, u qadar yirik hisoblarning ham guvohi bo‘lmayapmiz. Saviya jihatidan 6-o‘rindagi «Qo‘qon» bilan 15-o‘rindagi «Neftchi» bir-biridan u qadar uzoq emaski, ularning o‘zaro o‘yinini g‘olibi oldindan aniq bo‘lgan foydasiz o‘yinlar tarkibiga kiritsak. 

Xulosa qilib aytganda, muallif 16ta chala professional klubdan, 12ta to‘liq professional klub yaxshi demoqchi bo‘lganini tushunaman, to‘g‘ri aytgan. Ammo 4ta chala professional klubni yo‘qotish, qolgan 12 klubni to‘liq professionalga aylantiradi, deb o‘ylash, mantiqan umuman noto‘g‘ri. Bunday davom etilsa, keling, oliy ligamizda 12 emas, birato‘la 6 jamoa qolsin va 8 davra kurashsin. Har turda, har o‘yin qiziq, shunday emasmi?

Shuhrat Shokirjonovning klublarning yanada professionallashishi, oliy liga o‘yinlariga bo‘lgan munosabatning o‘zgarishi lozimligi, har bir o‘yinlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib ko‘rsatilishi, turli tahliliy ko‘rsatuvlar orqali targ‘ib qilinishi, hakamlar nazorat qilinishi kerakligi haqidagi fikrlariga qo‘shilaman. Rostan ham, bu yo‘nalishlarda ish olib bormay turib, oliy ligamizni rivojlantira olmaymiz. Ammo bu ishlarni amalga oshirish uchun 12 jamoa bo‘lishi shart emas, 16 yoki 18talik formatda ham bemalol mana shunday ishlarni qilsa bo‘ladi. Hatto agar mana shunday ishlar qilinsa, yurtimizda professional klublar ko‘payishi va rostan ham 16-18, balki 20dan ortiq raqobatbardosh jamoalarning paydo bo‘lishiga ishonsa bo‘ladi. Son jihatidan ularni qisib, bunday jamoalarni ko‘paytirishning iloji yo‘q. 

Masalan, Angliya Premer Ligasi aynan professionallashuv yo‘nalishida juda katta qadamlarni amalga oshirdi, natijada, hatto Chempionship ham hozirda Yevropada kuchli o‘ntalikdan o‘rin olgan. Ular bu ishlarni jamoalar sonini qisqartirib amalga oshirmadi, albatta. Esingizda bo‘lsa, 90-yillarda «Manchester Yunayted» va «Arsenal» to‘qnashuvini Yevropa miqyosdagi top o‘yinlar sirasiga kiritardik. Keyin «Chelsi» paydo bo‘ldi. «Manchester Siti» qo‘shildi. «Tottenhem» kuchaydi. O‘z-o‘zidan APLda top o‘yinlarning soni ko‘paya boshladi, deyarli har turda biz mana shunday bahs guvohi bo‘lamiz. Qarang, Angliya ligadagi top o‘yinlar sonini oshishiga «MYu» va «Arsenal»ni 4 marta o‘ynatish orqali erishmadi, to‘g‘rimi?

Biz ham «Lokomotiv» va «Nasaf»ni to‘rt marta o‘ynataylik demasdan, kuchli jamoalar sonini oshirishni ko‘proq o‘ylashimiz kerak edi, ana o‘shanda «Dinamo» - «Nasaf» ham top-o‘yinlar sirasiga kirib, ligamizdagi ana shunday maqomdagi o‘yinlarni oshiraverardi.    

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid