Boku-Tbilisi-Qars (BTQ) temir yo‘li orqali Turkiya janubidagi Mersin portiga Qozog‘istonda yetishtirilgan g‘alla ortilgan ilk temiryo‘l sostavi jo‘natildi, deb yozadi Anadolu agentligi

Alati portida bo‘lib o‘tgan BTQ yo‘lining ochilish marosimida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, Qozog‘iston bosh vaziri Baqtjon Sag‘intayev va Gurjiston bosh vaziri Georgiy Kvirikashvili ishtirok etishdi.

«Loyiha Ozarboyjon, Gurjiston va Turkiyaning xohish-irodalari tufayli amalga oshdi», dedi Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev ochilish marosimida.

«Uch mamlakat qat'iy iroda va ishonch bilan oldinga qo‘yilgan maqsadga erishish mumkinligini isbotlashdi.  Ozarboyjon, Gurjiston va Turkiya keyinchalik ham bahamjihat, bir-birini qo‘llagan holda harakat qiladi. Bu loyiha davlatlarimizning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytiradi», — degan I.Aliyev.

«BTQ — Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi eng qisqa yo‘l. Uni amalga oshirish bo‘yicha bitim Gurjistonda imzolandi, tamal toshi Turkiyada qo‘yildi, topshirish marosimi, mana, Ozarboyjonda o‘tkazilmoqda», — dedi Ozarboyjon prezidenti.

Foto: Anadolu

«Ozarboyjon, Gurjiston va Turkiya mintaqa va butun jahon uchun muhim ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishda davom etadi. Biz «Janubiy gaz yo‘lagi» bo‘lmish Boku-Tbilisi Jayxon kabi neftgaz loyihalarini amalga oshirdik. «Shoh Dengiz» konida ishlar 98 foizga, Janubiy Kavkaz quvur o‘tkazgichida 99 foizga, Transanatoliya gaz quvuri (TANAP) da 84 foizga, Trnasadriatika gaz quvuri (TAP) da 60 foizga bajarilgan», — dedi Aliyev.

Tantanali qism tugagach, davlat va hukumat rahbarlari yo‘lovchi poyezdida portdan Alati stansiyasigacha sayohat qilishgan.

Yangi temir yo‘l Turkiya, Ozarboyjon va Gurjiston, shuningdek, tarixiy «Buyuk ipak yo‘li»da joylashgan boshqa davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Boku-Tbilisi-Qars temir yo‘lining umumiy uzunligi 838 kilometrni tashkil etib, uning 76 kilometri Turkiya hududida, 259 kilometri Gurjiston va 503 kilometri Ozarboyjon hududidan o‘tadi.