Microsoft hammuassislaridan biri Bill Geyts yiliga 50 kitob mutolaa qiladi. Milliarder Mark Kuban kuniga uch soatdan kitob o‘qiydi. Facebook asoschisi Mark Tsukerberg har yili 24 kitob o‘qish qarori haqida ma'lum qilgan, sarmoyachi Uorren Baffet esa 80 foiz vaqtini kitob o‘qishga sarflaydi. BookAuthority tavsiyalar servisi Geyts, Brenson, Baffet, Mask, Bezos, Tsukerberg, Kuk kabi ko‘plab yetakchi ishbilarmonlarning sevimli kitoblari haqida ma'lumot berdi.
Microsoft asoschilaridan biri Bill Geyts tavsiyasi

1. "Poyabzal sotuvchisi. NIKE kompaniyasining tarixi uning asoschisi tilidan", Fil Nayt
Bu kitob bir zumda New York Times bestsellerlari ro‘yxatidan joy oldi. Kitob jurnalistlar bilan muloqotda uyatchanligi bilan mashhur Nike kompaniyasi asoschisining hayoti, shu bilan birga, qanday qilib uning kompaniyasi oddiy startapdan eng inqilobiy va serdaromad brendlardan biriga aylangani haqida ma'lumot olishdek noyob imkonni beradi.
2. "Stress-test: Moliyaviy inqirozga oid xotiralar", Timoti Gaytner
Dastlab Nyu-York Federal zaxira banki prezidenti, keyin esa Barak Obama ma'muriyatida moliya vaziri lavozimida faoliyat yuritgan Gaytner o‘quvchilar oldida Buyuk depressiya paytlaridan beri eng yomon moliyaviy inqirozning "sahna ortidagi" voqealarini ochib beradi. Shu bilan birga moliyaviy tizimni tiklash va iqtisodiyot tanazzuliga yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘zi qabul qilishga majbur bo‘lgan yoqimsiz qarorlarni izohlaydi.
3. "Kuchli yetakchi haqida afsona: Zamonaviy dunyoda siyosiy yetakchilik", Archi Braun
Yetakchi siyosiy tarixchilardan birining kitobi - parlament demokratiyasi paydo bo‘lgan davrdan boshlab to Obama davriga qadar butun dunyo siyosiy yetakchilik institutining haqiqiy tadqiqoti.
Jyeff Bezos tavsiyasi, Amazon.com internet-kompaniyasi asoschisi va rahbari

1. "Innovator dilemmasi: Qanday qilib yangi texnologiyalar tufayli kuchli kompaniyalar barbod bo‘lmoqda", Kleyton M. Kristensen
Amazon tahririyat jamoasi "Innovator dilemmasi" kitobini "Muvaffaqiyat va yetakchilik haqida hech bo‘lmaganda bir marta o‘qish kerak bo‘lgan 100 kitob" ro‘yxatiga kiritgan. Stiv Jobsdan to Malkolm Gladuellgacha o‘z nutqlarida Kristensenning so‘zlarini ko‘p marta misol sifatida keltirishgan.
















