13:30 / 12.11.2017
18021

Qirg‘iziston TIV: «O‘zbek-Qirg‘iz chegara nazorat punktlari soni oshirilishi mumkin​»​

Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev o‘zbek-qirg‘iz chegara hududlaridagi holatga baho berib, «chegaradagi vaziyatni tartibga keltirish murakkab vazifa hamda ikki mamlakat o‘rtasida tuzilgan Ishchi guruh bu haqda» qayg‘urayotganini aytib o‘tdi. Shuningdek, vazir davlatlararo chegara nuqtalarini aniqlash va demilitatsiya etish jadal sur'atda davom etayotganini bildirdi.

«Ochig‘i, umumiy chegaradagi vaziyat avvalgidan ancha yaxshi holatga keldi. Andijon viloyatiga tutash O‘sh shahrida yashovchi qardosh xalqlar qayta faollashtirilgan chegara nazorat punktidan foydalanmoqda. Farg‘ona tumani Vodil QFYda joylashgan chegara nazorat punktidagi vaziyat sharqdagidan sal farq qilmoqda. Albatta, aholi gavjum va ikki davlatda istiqomat qiluvchi qarindoshlar bir-birining yaxshi kunlarida diydor ko‘rishishni istaydi», deydi vazir.

Erlan Abdildayevning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, o‘zbek-qirg‘iz chegara nuqtalari tutashgan hududlarni to‘liq demilitatsiya qilingach, chegara nazorat punktlarining soni ko‘paytirilishi, chegarachi xodimlar kvotasi oshirilishi mumkin.

Ayni paytda Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumani markazi hisoblanmish Vodilda 85 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Hudud janub va janub-sharqdan tomondan Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh bo‘lib, u orqali Shohimardonsoy hududiga o‘tiladi. Ta'kidlash joizki, Shohimardonsoy yilning iliq kunlari vodiy bo‘ylab aholi eng gavjum sayyohlik markaziga aylanadi.

Mavzuga oid
Top