«O‘zbekiston» telekanalida «Uchburchak» ko‘rsatuvining navbatdagi sonida olib chiqilgan mavzu auditoriyaga yig‘ilganlarni yig‘latdi.
Muhokamaga yolg‘iz otaning o‘z qiziga munosabati aks etgan video qo‘yilgan. Videoda turmush o‘rtog‘i chet elda bo‘lgan er o‘z farzandini bir necha daqiqa davomida xo‘rlaydi.
U qizchani tinimsiz urish davomida qattiq haqoratlaydi va uyidan haydaydi. Uning so‘zlaridan bilish mumkinki, oilada boshqa farzand ham bor.
«Menga kerakmassan. Onang Turkiyada yuribdi. Endi itning kunini solaman senlarga», deya dag‘dag‘a qiladi u.

4 yoshli qizcha esa iltijo qilib, o‘zini urmaslikni so‘raydi, lekin u yanada qattiqroq va ko‘proq kaltaklanadi.
Ko‘rsatuvda ishtirok etgan IIV xodimi bu hodisa jinoyat ekanini, bu shaxs jazolanmasdan qolmasligini qayd etadi.
Hozirda ushbu voqea qachon va qayerda sodir bo‘lgani, ushbu shaxs qo‘lga olingan yoki qo‘lga olinmagani ma'lum emas.
Huquqshunos izoh berishicha, bu holatga birinchi navbatda Oila Kodeksining 79-moddasi bo‘yicha qaraladi. Bu moddaga ko‘ra, ota-onalik huquqini suiiste'mol qilsa, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lsa, jumladan jismoniy kuch ishlatsa yoki ruhiy ta'sir ko‘rsatsa, ota-onalik huquqidan mahrum qilish nazarda tutiladi.
Shuningdek, bu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 4 moddasini ko‘rib chiqish mumkin: 104, 105, 109 va 110-moddalar.
104-modda. Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish
Bu yerda jabrlanuvchiga qay darajada jarohat yetkazilganiga ko‘ra jazo belgilanadi. Og‘ir tan jarohati yetkazilgan hollarda uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazo qo‘llanadi.
105-modda. Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish
O‘rtacha tan jarohat yetkazilgan holatda uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.







