Prezident Shavkat Mirziyoyev tog‘-kon sanoatining uzoq muddatli istiqbollariga, sohaning hududlarda sanoatni rivojlantirishdagi o‘rniga alohida e'tibor qaratdi. Tarmoqqa chet el investitsiyalarini faol jalb etish, foydali qazilmalarni o‘zlashtirish va qayta ishlash hajmini oshirish, yangi korxonalar tashkil etish va ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 13 noyabr kuni geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini oshirish, mineral-xomashyo va qimmatbaho metallar resurs bazasi hamda ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha muhim strategik loyihalarni amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda shu haqida ma'lum qilindi. Prezident matbuot xizmatida shu haqida xabar berildi.

Mutasaddi vazirlik va tashkilotlarga mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish dasturini qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish topshirildi. 

Yig‘ilishda sohadagi yirik muassasalar – Navoiy kon-metallurgiya kombinati va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar ijrosiga ham e'tibor qaratildi. 

Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan dasturga muvofiq 2017-2026 yillarda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 27 loyihani amalga oshirish belgilangan. Qiymati 3 milliard 63 million dollar bo‘lgan mazkur loyihalar natijasida 2026 yilga borib ishlab chiqarish hajmi 30 foizga oshadi. Qo‘shimcha 31 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi. 

Ushbu muhim loyihalarni ishonchli elektr energiyasi bilan ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash zarurligi qayd etildi. 

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan umumiy qiymati 2 milliard 720 million dollardan oshiq 18 investitsiya loyihasi amalga oshirilmokda. “Yoshlik-1” va “Yoshlik-2” konlarini o‘zlashtirish, “Samarcho‘qi” yer osti konini qurish va Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida sement zavodi barpo etish ular orasida eng muhimlaridir. 

Yig‘ilishda “Yoshlik-1” va “Yoshlik-2” konlarini o‘zlashtirishni yanada tezlashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarga tashriflari chog‘ida geologiya sohasiga doir saksonga yaqin vazifalar belgilagan. Jumladan, yer osti suvlari zaxiralarini keskin ko‘paytirish va aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash, Angren va Olmaliq hududlarida foydali qazilma bazasini kengaytirish va konlarni sanoatda o‘zlashtirish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan. 

Mutasaddilarning bu boradagi hisobotlari eshitildi.