O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaroriga sharh e'lon qilindi.

So‘nggi yillarda oliy ta'lim muassasalariga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar soni keskin ortib bormoqda. Yildan-yilga o‘sish o‘rtacha 10 foizni tashkil etib, xususan, 2016 yilda 663 ming, 2017 yilda 729 ming nafardan ziyod abituriyent oliy ta'lim muassasalariga hujjat topshirgan. Tahlillarga ko‘ra, 2018 yilda oliy ta'lim muassasalariga 810 mingdan ortiq abituriyentning hujjat topshirishi kutilmoqda.

Abituriyentlar sonining keskin o‘sishi mos ravishda auditoriya nazoratchilari sonining va test materiallari hajmining ortib borishiga hamda test sinovlarini o‘tkazishga salbiy ta'sir ko‘rsatib, qator muammolarni yuzaga keltirgan. Jumladan, auditoriya nazoratchilarining test sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha yetarli amaliy ko‘nikmalarga ega emasligi hamda ularning javobgarlik darajalari aniq belgilanmagani, test sinovlari uchun tanlangan bino va auditoriyalarning jihozlanishi mavjud talablarga javob bermasligi, binolarning oliy ta'lim muassasalari bosh shtabidan uzoq masofada va tarqoq joylashgani, binolarning shaxsni aniqlovchi foto- va video qurilmalari, test sinovlarida foydalanishi man etilgan vositalarni aniqlovchi zamonaviy texnik jihozlar bilan ta'minlanmaganligi, auditoriyalarda videokuzatuv kameralarining mavjud emasligi test sinovlarini o‘tkazish jarayonining shaffofligini ta'minlash va uni nazorat qilish sifatining tushib ketishiga olib kelgan.

Bundan tashqari, test sinovlarini o‘tkazishning amalda bo‘lgan tartibi test natijalarini qisqa muddatda hisoblab chiqarish imkonini bermagan.

Yuqorida qayd etilgan muammo va kamchiliklar oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovlarining adolatli, xolis va shaffof o‘tkazilishini yetarli darajada ta'minlash imkonini bermagan va oqibatda abituriyentlar hamda ularning ota-onalari e'tirozlariga sabab bo‘lgan.

Respublika oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovlarini takomillashtirish, uning adolatli, xolis va shaffof o‘tishini ta'minlash maqsadida Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Prezidentning mazkur qarori qabul qilinishi yuqorida qayd etib o‘tilgan muammolarning o‘z yechimini topishi uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.