O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.
Yangi vazirlikning asosiy faoliyat yo‘nalishlari quyidagilar xisoblanadi:
a) davlat va jamiyat qurilishiga innovatsiyalarni joriy etish sohasida:
- innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni ishlab chiqishni, davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini rivojlantirish, davlat xizmatlari sifatini oshirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazishni tashkil etish;
- davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini, eng avvalo, infratuzilma obektlari va resurslar eng ko‘p sarf qilinadigan tarmoqlarda keng joriy etishga ko‘maklashish;
- dolzarb muammolarni, eng avvalo, joylardagi muammolarni hal etishda davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari va aholi bilan o‘zaro hamkorligining innovatsion yondashuvlarini ishlab chiqish;
- jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
b) iqtisodiyot tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy etish sohasida:
- mamlakatimizdagi innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni targ‘ib qilish va ulardan amaliy foydalanishning mexanizmlarini shakllantirish, bozorning tez o‘zgaruvchan jahon kon'yunkturasini hisobga olgan holda milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirishga ko‘maklashishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishni tashkil etish;
- atrof-muhitning ifloslanish darajasini pasaytirish imkonini beruvchi ekologik toza texnologiyalarni qo‘llagan holda unumdorlikni oshirishni nazarda tutadigan «yashil iqtisodiyot» texnologiyalarining prinsiplarini ishlab chiqish va joriy etishga ko‘maklashish;
- respublika innovatsion salohiyatining, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari, texnoparklar, shuningdek, logistik xablar faoliyati samaradorligining o‘sishiga faol ko‘maklashish;
- makroiqtisodiy, soliq-byudjyet, pul-kredit parametrlari, shuningdek, integratsiya jarayonlarining iqtisodiyotga ta'sirini baholash bilan o‘zaro bog‘liqlikda iqtisodiyot tarmoqlarini o‘rta va uzoq muddatli rivojlantirish ssenariylarini shakllantirishga ko‘maklashish;
















