Prezident matbuot xizmati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunning 25 yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanali marosimdagi nutqini taqdim etdi.

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Xonimlar va janoblar!

Barchangizni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi ulug‘ ayyom – mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etishga ijozat bergaysiz.

Yigirma besh yil – tarix uchun bir lahza, xolos. Shu qisqa davrda jonajon O‘zbekistonimiz mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanib, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladi, tom ma'noda ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi.

Ana shu mashaqqatli va sharafli yo‘lda erishgan barcha yutuqlarimizni eng avvalo Konstitutsiyamiz bilan bog‘lashimiz albatta bejiz emas. Nega deganda, Asosiy qonunimiz xalqimiz uzoq yillar orzu qilgan milliy mustaqilligimiz va rivojlanish yo‘limiz, inson huquq va erkinliklari kafolatlarini belgilab berdi.

To‘la ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. U hech kimga qaram bo‘lmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati bo‘lib kelmoqda.

Bozor munosabatlariga asoslangan huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish borasida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. Bugungi kunda barcha jabhalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora o‘sib bormoqda. Bularning barchasi, eng avvalo, Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuch-qudrati natijasidir.

Qadrli yurtdoshlar!

Bugun Konstitutsiyamizning 25 yillik bayramini nishonlar ekanmiz, Asosiy qonunimizni yaratishda unutilmas xizmat qilgan insonlar nomini chuqur hurmat bilan tilga olamiz.

Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimov rahbarligida 1990 yil iyun oyida tuzilgan Komissiyaning ikki yillik mashaqqatli mehnati natijasida Konstitutsiyaning birinchi, ikkinchi va so‘ngra uchinchi loyihalari ishlab chiqildi.