Aeroport — mamlakatning ostonasi hisoblanadi. Umuman, poytaxtimiz Toshkentda ham, turistik markazlarimiz hisoblanmish Samarqandu Buxoroda ham aeroportlarda xizmatni risoladagidek yo‘lga qo‘yish, ishlarni zamonaviy asosda tashkil etishga yurtimizda davlat rahbari va hukumat darajasida e'tibor berilmoqda.

Toshkent xalqaro aeroportining xalqaro yo‘nalishlar uchun yangi terminali janubiy koreyalik hamkorlar bilan qurib, foydalanishga topshirilishi haqida xabarlar berilgan edi.

Ushbu hikoyamiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportining ayni paytda xorijiy aviaqatnovlar orqali jo‘nab ketuvchi aviayo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi bosh terminali haqida.

Hech aeroportga ishingiz tushganmi? Ko‘p uzoqqa bormaylik, yon qo‘shnilarimiz bo‘lmish Bishkek, Almati va Astana kabi shaharlarda ham aeroport binosiga kirishdan avval ikkinchi qavatga eltuvchi pandusga taksi yoki mashinalarda chiqib borasiz va terminal binosi eshigi oldida tushasiz.

Shunday pandus Toshkent xalqaro aeroportida ham bor, lekin u yerga uzoq yillardan beri avtomobil chiqishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Toshkent xalqaro aeroportiga yo‘l olgan kishi Aeroport binosining berirog‘idagi militsiya punkti orqali o‘tkaziladi. Kuzatib kelayotganlar shu yerda qolishlari kerak. Keyin picha yurib, eskalator orqali ikkinchi qavatga ko‘tarilishardi.

Ana shu eskalator ishlamayotganiga bir oydan oshgan. Uning qanday topilmas matohi ishdan chiqqan ekanki, 1 oydan beri ishlatilmay, yo‘lovchilarga qiyinchilik tug‘dirib yotibdi.

Bu haqda ikki hafta avval ijtimoiy tarmoqlarda ham fotolari bilan e'tirozlar tarqalgan edi. «Xalqaro ahamiyatdagi O‘zbekistonning birinchi raqamli aeroporti, texnika-da, buzilgan bo‘lsa to‘g‘irlab qo‘yishgandir», deb o‘sha vaqti muammoga ko‘p ham e'tibor berganimiz yo‘q.

Qarangki, bugun tahririyatimiz xodimlaridan biri erta tongda volidasini xorijga kuzata turib, vaziyat hamon o‘sha-o‘shaligicha ekanligiga guvoh bo‘lib qaytibdi.