Eng yirik avtomobil kompaniyalari o‘z mijozlariga mashina xaridi o‘rniga unga obuna bo‘lish xizmatini taklif qila boshlashdi. Bu degani - siz transport uchun mulk sifatida emas, xizmat sifatida pul to‘laysiz. Rossiyaning yirik IT-giganti hisoblangan «Yandeks» esa karsheringga qo‘shilmoqchi. «Meduza» bu sxemalar qanday ishlashi va ularning shaxsiy avtomobildan foydalanishdan nimasi bilan farq qilishi haqidagi maqolasini taqdim etdi.

 

Hamma mashinaga ega bo‘lgisi keladi

Jamoatchilik transporti qancha qulay bo‘lmasin, yirik shaharlar ko‘chalaridagi tirbandliklar qanchalik ko‘paymasin, avtomobillar sotuvlari to‘xtovsiz ravishda oshishda davom etmoqda. 1990-yillarda yiliga o‘rtacha 40 million avtomobil sotilgan bo‘lsa, 2016 yilda bu ko‘rsatkich 80 milliondan oshib ketdi.

 

Biroq mashinaga egalik qilish qimmatga tushadi

Avtomobil xarajatlari — bu nafaqat tezlikni oshirish va nojoiz joylarda to‘xtash uchun benzin va jarimalar. Barcha uchun majburiy soliqlar va sug‘urtalar ham bor. Shu bilan birga, mashinani vaqti-vaqti bilan texnik tekshiruvdan o‘tkazib turish kerak. Eng byudjyet modellar (Hyundai Solaris yoki  Lada Granta) uchun ilk uch yildagi xarajatlar — bu yangi mashina narxining yarmi.

 

Endi mashinaga obuna bo‘lish mumkin

Avtomobil ishlab chiqaruvchilar orasida birinchi bo‘lib 2017 yilning yanvarida Cadillac kompaniyasi shunday xizmat turini taqdim eta boshladi. Oyiga 1800 dollar to‘lab, haydovchi kerakli joyga yetkazuvchi eng so‘nggi modeldagi avtomobillardan birini chaqirtirish mumkin. Faqat benzin uchun pul to‘lash kerak bo‘ladi, zero qolgan barcha to‘lovlar ijara narxi ichiga kiritilgan. Cadillac o‘zining ilk servisini Nyu-Yorkda ishga tushirgandi, bugunga kelib, Los-Anjyeles va Dallasda ham ushbu xizmat turidan foydalanish mumkin.

 

Oktyabr oyida Porsche ham shunga o‘xshash premium servisni ishga tushirdi. U yerda obuna narxi 2000 dollardan boshlanadi. Xizmatlar faqat Atlantada ko‘rsatiladi, biroq u yerning afzalligi - to‘rt modeldan birini tanlab, uni hatto bir kun davomida ham almashtirish imkoni mavjudligida. Servisga "Hashamatli avtomobillar uchun Neftliks" nomi berildi.