Prezident: "Endi rivojlanish nuqtai nazaridan harakat qilgan odamgagina yer beramiz"
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Respublika qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirida so‘zga chiqib, yilqichilik va baliqchilik kabi sohalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
"Hozirgi kunda respublikamizda 15ta yilqichilik nasl xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. Ulardan 3150dan ziyod zotdor ot boqilmoqda. Zotdor qorabayir otlarini ko‘paytirish va ot sportini rivojlantirish maqsadida Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida yangi yilqichilik kompleksi tashkil etildi. Toshkent viloyati va yurtimizning boshqa hududlarida ham shunday majmualar barpo etilmoqda.
Oxirgi 20 yilda e'tibordan chetda qolgan baliqchilik sohasini tiklash uchun O‘zbek baliq sanoati uyushmasi tashkil etildi. Uning tizimiga 3600ta baliqchilik xo‘jaligi kiritildi.
Joriy yilda 580 ming gektar tabiiy va 28 ming gektar sun'iy ko‘lda 100 ming tonnadan ortiq baliq yetishtirildi. Vetnam va Xitoy texnologiyasi asosida intensiv usulda baliq yetishtirish, uni ko‘paytirish, baliq ozuqasini ishlab chiqarish borasida ushbu mamlakatlar bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Mana shu baliqchilikni "luqmai halol" deb ota-bobolarimiz bekorga aytmagan. Bir paytlar baliqchilikni boshlaganimizda 30 ming tonna ham yo‘q edi. Salgina harakat qildik - 100 mingga yetdi, kelgusi yil 150 mingga chiqarishga hamma imkoniyatimiz bor.
Xitoyni olaylik, 10 metrgina suv o‘tsa ham, ko‘l qilib baliqchilikni rivojlantiradi. Har bir fermer o‘zi uchun. Haftada ikki marta baliq go‘shti yeydi. U sog‘liqqa ham, iqtisodiyotga ham foyda. Shuni mana borib ko‘rdingiz, nimasi og‘ir?
"O‘zbekistonda mana 100 gektar yerim bor", deb maqtanamiz, "O‘sha yerdan daromad qancha?" degan savolga javob yo‘q. Mana shu sohalarni joy-joyiga qo‘ysa, daromad keladi. Umrimiz baribir shu dalada o‘tyapti-ku! Ertalabdan kechgacha dalada yurgandan keyin, daromad ham topaylik. Salgina ilm bilan ishlaylik, axir.
Endi yer - raqobat, O‘zbekistonning yeri oltinga teng. Endi rivojlanish nuqtai nazaridan harakat qilgan odamgagina yer beramiz. Hamma sharoit yaratib beramiz, lekin tizim, tartib, nazorat bundan ham qattiq bo‘ladi. Daromad topish uchun hozir o‘qish kerak. Har bir sotix yerdan to‘g‘ri foydalanish kerak.
Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax, Sirdaryoda har bir dalada 20 ta konvert deb olsak, 20 metrlab dalalar bo‘m-bo‘sh turibdi. Bunaqada biz iqtisod qila olamizmi?! Yerdan unumli foydalana olamizmi?! Bunaqada natijaga erisha olmaymiz. "Kelgusi yil bayramni qanday natijalar bilan kutib olamiz?" degan rejani bugun qo‘yish kerak", - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mavzuga oid
21:27 / 17.05.2024
O‘zbekistonda krevetkani sanoat usulida yetishtirish loyihasi tasdiqlandi
08:46 / 04.05.2024
Vengriya O‘zbekistonda baliqchilikni rivojlantirish uchun grant ajratishi mumkin
11:58 / 11.04.2024
Vengriya O‘zbekistonga baliqchilik va plastmassani qayta ishlash sohalariga sarmoya kiritadi
15:04 / 05.12.2023