13 dekabr kuni Suriya havo kengliklarida AQSh Harbiy havo kuchlari samolyotlari Rossiyaning Su-25 shturmoviklari bilan to‘qnashishiga bir baxya qoldi.
The Independent nashri nomini sir tutgan amerikalik amaldorga asoslanib xabar berishicha, AQSh Harbiy havo kuchlarining F-22 rusumli qiruvchi samolyoti Rossiyaning Su-25 rusumli samolyotlari kelishuvni buzib, koalitsiya tasarrufidagi hududga kirganida ogohlantiruvchi raketalar uchirgan. Shundan keyin rossiyaliklar samolyotlari hududni tark etgan.
Amerikaliklar manbasi so‘zlariga ko‘ra, bu hududda tarang vaziyat bir necha daqiqa saqlanib turgan.
Keyinroq Pentagon vaziyat bo‘yicha rasmiy bayonot berdi. Rossiya Mudofaa vazirligi esa voqealar rivojini boshqacha talqin qilmoqda.
Amerika tomoni bayonotiga ko‘ra, ikkita Su-25 Suriyaning Abu-Kamol shahri yaqinida Frotning sharqiy qirg‘og‘iga o‘tgan (Rossiya bilan tuzilgan kelishuvga ko‘ra daryoning ikkinchi tomoni koalitsiya nazoratida). Bu samolyotlarni koalitsiyaning quruqlikdagi harakatlari xavfsizligini ta'minlovchi ikkita F-22 samolyotlari kutib olgan.
Pentagon talqiniga ko‘ra, F-22 samolyotlari Su-25 samolyotlari hududni tark etishi uchun ko‘plab manyovrlar amalga oshirgan, jumladan, atrofga to‘lqin tarqatilgan, ogohlantiruvchi raketa uchirilgan. Shuningdek, rossiyalik uchuvchilar bilan bog‘lanib, ulardan hududdan ketish so‘ralgan.
Ma'lum bir lahzalarda rossiyaliklarning samolyotlaridan biri F-22 samolyotiga juda yaqin kelgan. Amerikaliklar bu vaziyatda to‘qnashuvdan qochish uchun agressiv harakatlar amalga oshirishga majbur bo‘lishgan. Xuddi shu vaziyatda osmonda Rossiyaning Su-35 samolyoti paydo bo‘lgan, u boshqa bir F-22As samolyotini ta'qib qilgan.
Bu holat 40 daqiqa davom etgan, keyin rossiyaliklar samolyoti Frotning g‘arbiy qirg‘og‘iga qaytib ketgan. Pentagon bu vaqtda doimiy ravishda Rossiya tomoni bilan aloqada bo‘lib turgan va vaziyatni taranglashtirmaslikka harakat qilgan.
Rossiya Mudofaa vaziri voqeani boshqacha tarzda hikoya qilmoqda.
RF Mudofaa vazirligining bayonotiga ko‘ra, 13 dekabr kuni ikkita Su-25 samolyotlari Mayadin hududida 3300 m balandlikda gumanitar karvonni qo‘riqlab borgan. Shu vaqtda Frotning sharqiy sohili tomonidan amerikaliklarning F-22 qiruvchi samolyotlari uchib kelgan. Bu samolyotlar turli manyovrlar bilan Su-25 samolyotlariga xalaqit qila boshlagan. Shundan so‘ng 10 ming metr balandlikdagi Su-35S pastga tushib, F-22 samolyotining ort tomoniga o‘tgan, natijada amerikaliklar hududni tark etishga majbur bo‘lgan.















