O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 dekabr kuni maktabgacha ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni tahlil qilish va istiqboldagi vazifalarni belgilab olishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. 

Maktabgacha tarbiya ta'lim tizimining birlamchi va eng muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. Sog‘lom genofondni, yetuk kadrlarni tarbiyalash, avvalo, shu tizimdan boshlanadi.

Biroq shu paytgacha bu tizim rivojlanishdan ortda qolgan edi. Oxirgi 20 yil davomida davlat tasarrufidagi maktabgacha ta'lim muassasalari soni 45 foizga kamaygan. Oqibatda maktabgacha yoshdagi bolalarning 33 foizi bog‘chalarga qamrab olingan, xolos. Bu ko‘rsatkich Daniyada 99 foiz, Yaponiyada 97 foiz, Janubiy Koreyada 95 foizni tashkil etadi.

Maktabgacha ta'lim muassasalarida bolalarni ijtimoiy, shaxsiy, hissiy, nutqiy, matematik, fizio-psixologik, jismoniy va ijodiy rivojlantirish bo‘yicha ta'lim dasturlari joriy etilmagan. 

Umuman, bog‘chalar “ota-ona ishda bo‘lgan vaqtda bolaga qarab turadigan muassasa”ga aylanib qolgan.

Prezident mamlakat kelajagi va ravnaqida muhim o‘rin tutadigan bu sohaga alohida e'tibor qaratmoqda. Mamlakat hududlariga tashrifi chog‘ida maktabgacha ta'lim muassasalarini kirib ko‘rmoqda. Shavkat Mirziyoyev raisligida bu sohani rivojlantirish bo‘yicha bir necha yig‘ilishlar o‘tkazilgani ham ana shu e'tibordan dalolat.

Davlat rahbarining joriy yil 30 sentabrdagi “Maktabgacha ta'lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida soha oldidagi dolzarb vazifalar va ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi. Shu kuni qabul qilingan Prezident qaroriga asosan bu sohada alohida vazirlik – O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi tashkil etildi.

Yangi vazirlik zimmasiga maktabgacha ta'lim muassasalari davlat va nodavlat tarmog‘ini kengaytirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta'minlash, muassasalarga bolalarni qamrab olishni keskin oshirish, ta'lim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy ta'lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish orqali bolalarni maktabga tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash vazifalari yuklandi.

Bugungi kunda bu borada davlat dasturi qabul qilinib, keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Vazirlikning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlari tashkil etilib, joylardagi ahvolni yaxshilash, yangi bog‘chalar qurish, jumladan, nodavlat bog‘chalar tarmog‘ini kengaytirishga katta ahamiyat qaratilmoqda.