Jahon | 17:37 / 23.12.2017
16739
2 daqiqa o‘qiladi

95 yoshli Lotte Group​ asoschisi qamoq jazosiga hukm etildi

Foto: Reuters

Janubiy Koreyaning Lotte Group konglomerati asoschisi, 95 yoshli Shin Gyokxo soliq va majburiy to‘lovlar bilan bog‘liq firibgarlik ortidan Janubiy Koreya sudi tomonidan to‘rt yil qamoq jazosiga hukm etildi. Keksa tadbirkorning sog‘lig‘idagi jiddiy sabablarga ko‘ra, sud ayni paytda appelyatsiya ko‘rib chiqilishiga qadar uni ozodlikda qolishini bildirgan.

Shin oilasiga nisbatan ayblovlar joriy yil boshida e'lon qilingan bo‘lib, uning merosxo‘ri Shin Dong Bin shartli ravishda 20 oy qamoq jazosiga hukm qilingandi. Shuningdek, kompaniya asoschisining qizi Shin Yonja ham ikki yil qamoq jazosini o‘tashga majbur.

"Frans press" nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, Shin 128,6 milliard von (119 milion AQSh dollari) miqdordagi daromadlarni soliqdan yashirib, qarindoshlarining nomiga ochilgan bank hisob-raqamlariga mos ravishda taqsimlab, o‘tkazgan.

«Nafaqat Lotte, balki Hyundai, Samsung va LG kabi yirik kompaniya rahbarlarining jinoiy kirdikorlari fosh etilmoqda. Gap shundaki, uzoq vaqt ularning mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shib kelayotgan hissasini inobatga olib, ularning faoliyati qo‘llab-quvvatlangan. Ammo kompaniya vakillari ishonchni suiiste'mol qilmoqda», deydi Korea Expose jurnali tahlilchisi Juvon Pak.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyida Samsung kompaniyasi rahbari Li Je Yon poraxo‘rlikda ayblanib, besh yil qamoq jazosiga hukm qilingandi. Shuningdek, ushbu mashmasha ortidan davlat rahbari, sobiq prezident Pak Kin Xega nisbatan impichment e'lon qilingan.

Mavzuga oid