«Hali erta demang», o‘tgan bir yilgina vaqt ham ayrim xulosalarni chiqarishga yetarli bo‘ldi. Bir gapni oldindan aytib qo‘yay, meni maddohlikda ayblab, izoh qoldirib o‘tirmang! Men maddohlikdan yiroqman, prezident menga orden, medal, aqalli «Konstitutsiyaning 25 yilligi» degan nishon tugul, bir pachka pechene ham bergani yo‘q. Olish niyatim ham yo‘q. Ammo menga boshqa narsani berdi: ertangi kunga ishonchni! Ko‘zim ko‘rib turganini aytaman, xolos.

1. Davlatimiz rahbarining faoliyati haqida nafaqat mamlakatimiz ichida, balki xorijda ham ijobiy fikrlar aytilmoqda. Bunday xulosalar bildirganlar orasida mashhur olimlar, davlat va jamoat arboblari bilan bir qatorda, mamlakatimizga nisbatan uncha ham xayrixoh bo‘lmaganlar, hatto muxolifatchilar ham bor. Misol keltirib o‘tirmayman, o‘zingiz guvohsiz, katta-katta minbarlardan prezidentimiz haqida ajoyib fikrlar aytilmoqda. Turkiyadagi vatandoshlarimiz aytadi: «Turkiyada hali biror mamlakat rahbari bizning prezidentchalik tantanali kutib olinmagan».

2. Balki eng asosiysidir. Qo‘shnilarimiz bilan shuncha yil taqa-taq yopilgan chegaralar ochildi. «Bor tovog‘im, kel tovog‘im» boshlandi. Qo‘shni davlat rahbarlari tez-tez uchrashib, ajoyib kelishuvlarni imzolashayapti. Inshaalloh, shu ketishda bo‘lsa, besh-o‘n yildan keyin manov O‘zbekiston, anov Qozog‘iston, narigisi Tojikiston, hay anovisi Turkmaniston-u, manovisi Qirg‘iziston, deb yurmaymiz. O‘rtada bojxona ham bo‘lmaydi, beton blok ham bo‘lmaydi, birov «Puling qanaqa?» ham demaydi...

3. O‘zbekiston tarixida birinchi marta prezident mahbuslarni AFV qildi. 2700 oilada bayram bo‘ldi. «10.000 kishini afv qilmoqchi edim...», dedi prezident bayram kuni. Demak, keyingi safar kamida 10.000 kishi afv qilinadi, chunki prezident qaysi so‘zini shamolga sovurganini ko‘rdingiz?

4. Erkin iqtisodiy zonalarni ko‘rayapsizmi? Men Urgutdagisini ko‘rayapman, o‘zim o‘sha yerlikman. Chetda yurgan urgutlikning hammasi Urgutga qaytib kelayapti. Tarixda bo‘lmagan ishlar bo‘layapti.

Foto: Prezident matbuot xizmati

5. Chet elga chiqib ketgan «Aql egalari»ni prezident qaytarib kelayapti. «O‘sha yerda olayotganingdan katta oylikni beraman, kel, vatanda ishla!», deyapti. Bir urgutlik vrach professor bo‘lib, Moskvada miya jarrohligini amalga oshiradigan mashhur neyroxirurg bilan shaxsan ko‘rishgan prezident undan nega O‘zbekistonda ishlamayotganini so‘rabdi. «Meni O‘zbekistonda sig‘dirishmadi», deb professor ochig‘ini aytib qo‘ya qolibdi. «O‘zingizga xuddi mana shunaqa klinika qurib bersam, Urgutga borib, o‘z xalqingizni davolaysizmi?», debdi prezident. «Albatta, boraman», debdi professor. Nima bo‘ldi, deb o‘ylaysizlar? Moskvadagidan ikki baravar katta bo‘lgan professorning shaxsiy klinikasi bitay deb qoldi.