Bugun poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ilk bor davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Parlamentga murojaatnoma taqdim etdi. Mazkur chiqishni o‘zbek xalqi katta qiziqish bilan kuzatdi. Buni ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlardan va odamlarning og‘zida yurgan Prezident nutqtidan olingan iboralardan ham bilish mumkin. Biz «Feysbuk» ijtimoiy tarmog‘ida bildirilgan ayrim mulohazalarni e'tiboringizga havola qilamiz:

Sanjar Said:

Tushga yaqin ko‘zim ilinib, bir soatcha uxlab qolibman. Uyg‘onsam, hamma yoqni yangilik bosib ketibdi. Prezident parlament bahona xalqqa bevosita murojaat qilayotgan ekan. O‘zimni zamondan orqada qolgan, yangiliklar, o‘zgarishlardan bexabar odamdek his qildim.

Juda hayajonli daqiqalar. Prezident ko‘nglimizdagi, tilimizdagi gaplarni aytayaptiki, go‘yoki qandaydir yashirin profil bilan biz mansub bo‘lgan virtual olamni doim kuzatib, muhokamalarimizda ishtirok etayotgandek, biz bilan yonma-yon, hamfikrdek.

Ko‘nglimizda shuncha o‘zgarishlar amalda bo‘larmikan, degan shubha bo‘lishiga qaramasdan, umid va ishonch ham tirik. Hatto Koreyaga ketish-ketmaslikka ham ikkilanib qoldim. Hozir chet elda yurganlarda bir-ikki yilda O‘zbekistonni taniy olmaydigan darajada rivojlanib ketsa-ya, degan o‘ynoqi xayol ham yo‘q emas. Oyliklarimiz ming-ikki ming dollarga chiqib, uy-joy, mashina, to‘y tashvishlaridan sal uzoqlashib, xotirjamlik, keng fe'llik bilan fikr yuritadigan, voqea-hodisalarga bosiqlik, vazminlik, salobat bilan munosabatda bo‘ladigan vaqtlar yaqindek ko‘rinayapti.

Jamoliddin Qalandarov:

Bunaqa kuyinishni, vatanparvarlik hech bir rahbarda ko‘rmaganman. Bugungi nutqi orqali davlat rahbarini o‘zim uchun yangidan kashf etdim.

Xushnudbek Xudayberdiyev:

Tarixda nutqlar ko‘p bo‘lgan. Lekin ular doim ham eslanavermaydi. Chunki ko‘plab nutqlar amalda hech qanday o‘zgarish olib kelmaydi.

Biroq shunday nutqlar bo‘ladiki, uning ijobatini kutish shartmas, o‘sha nutqning o‘zi amal sifatida qabul qilinadi, katta siyosiy oqibatlarni keltirib chiqaradi, tarixda qoladi.

Masalan, 1963 yil 28 avgustdagi Martin Lyuter King ijrosidagi «I have a dream» («Mening orzum bor») nutqi tarixdagi eng zo‘r nutqlardan biri sanaladi.