O‘zbekiston | 17:12 / 30.12.2017
17633
4 daqiqa o‘qiladi

1 yanvardan akademiklarga EKIH 12 barobari miqdorida oylik gonorar to‘lanadi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a'zolari hamda sobiq O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a'zolari va muxbir a'zolari faoliyatini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a'zolari hamda sobiq O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a'zolari va muxbir a'zolarini yanada qo‘llab-quvvatlash va faoliyatini rag‘batlantirish, respublikaning akademik ilm-fani nufuzini oshirish maqsadida: 

1. Belgilab qo‘yilishicha:

2018 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a'zolari va sobiq O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a'zolari (keyingi o‘rinlarda akademiklar deb ataladi) uchun eng kam oylik ish haqining o‘n ikki barobari miqdorida, sobiq O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining muxbir a'zolari (keyingi o‘rinlarda muxbir a'zolar deb ataladi) uchun esa – eng kam oylik ish haqining sakkiz barobari miqdorida oylik gonorar to‘lanadi; akademiklarga va muxbir a'zolarga to‘lanadigan oylik gonorarlar jismoniy shaxslarning daromadlariga solinadigan daromad solig‘isiz amalga oshiriladi. 

2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2018 yil 1 yanvardan boshlab ushbu Farmonning 1-bandida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni ajratishni O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti parametrlarida nazarda tutadi.
 
3. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda: 

qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi; o‘zlari qabul qilgan me'yoriy-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmonga muvofiqlashtiradilar.
 
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 29 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademiklari faoliyatini yanada takomillashtirish va rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–4907-son Farmonining 2-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 avgustdagi “Sobiq O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a'zolari va muxbir a'zolarini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5146-son Farmonining 1-bandida ikkinchi va uchinchi xatboshilari chiqarib tashlandi.
 
5. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S.Qosimov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari S.R.Xolmuradov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.T.Mirzayev va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti B.S.Yo‘ldoshev zimmasiga yuklandi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid