O‘zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan futbolchilarning yoshini kichraytirib ko‘rsatish, hujjatlarni qalbakilashtirish kabi illatlarning ildiziga bolta urish maqsadida, mavjud ma'lumotlar muntazam ravishda o‘rganilib, tahlil qilib borilmoqda.
O‘FF sayti xabariga ko‘ra, tahlil asosida bir qator noqonuniy holatlar yuzaga chiqqan.
Jumladan, 2008 yil U-16 va 2011 yil U-19 Osiyo chempionatlarida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida qatnashgan Abdumutal Abdullayev o‘z tug‘ilgan sanasini 19 sentabr 1992 yil sifatida ko‘rsatgan. Aslida esa bu futbolchining ismi-sharifi tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi bo‘yicha Nodir Teshabayev bo‘lib, 1989 yil 4 oktabr kuni tug‘ilgan. Ayni paytda bu futbolchi hech qaysi jamoa tarkibida to‘p surmayapti.
2010 yil Toshkentda o‘tgan U-16 Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida to‘p surgan Muhammadjon Abdullayev o‘z tug‘ilgan yilini 1994 yil sifatida ko‘rsatgan. Bu futbolchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasida tavallud kuni sifatida 23 noyabr 1991 yil ko‘rsatilgan. Muhammadjon Abdullayev 2013 yili o‘z ismini Rasuljon Abdullayevga o‘zgartirib, Birinchi ligadagi «Xotira-79» jamoasida to‘p surib kelgan.
2012 yil U-16 Osiyo chempionatida hamda 2013 yil BAAda o‘tgan U-17 JChda O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida qatnashgan Ulug‘bek Davlyatov tug‘ilgan yilini 1996 yil sifatida ko‘rsatgan. Aslida esa tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi bo‘yicha uning ismi Nuriddin Hasanov bo‘lib, 1994 yil 20 iyul kuni tavallud topgan. Bu futbolchi shu paytga qadar «Surxon» jamoasida to‘p surib kelgan.
2012 yil U-16 Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida to‘p surgan Zokir Ahmadaliyev o‘z tug‘ilgan yilini 1996 yil sifatida ko‘rsatgan. Aslida esa tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi bo‘yicha bu futbolchining ismi Dilshod Ahmadaliyev bo‘lib, 1994 yil 2 noyabr kuni tavallud topgan. Bu futbolchi «Bunyodkor» jamoasida to‘p surib kelgan.
Hasanov Burhon «Buxoro» klubi yoshlar jamoasi futbolchisi. 2000 yil tug‘ilgan deb ko‘rsatilgan. Aslida esa 1998 yil tavallud topgan.















