2017 yilda O‘zbekistonda 31 930 ta nikohdan ajralish haqidagi dalolatnoma qayd qilingan bo‘lib, bu 2016 yilga nisbatan 2 609 taga yoki 8,1 foizga ko‘p demakdir. Adliya vazirligining FHDYo sohasidagi tahlillari natijalari shuni ko‘rsatmoqda.
FHDYo organlarida ajralishlar 621 taga (1,9 foizga), sud qarori asosidagi ajrimlar esa 1 988 taga (6,2 foizga) ko‘paygan.
2017 yil davomida nikohi bekor qilingan oilalar tahlil qilinganda, 1 yildan 8 yilgacha o‘zaro er-xotin sifatida yashab, keyin ajrashganlar soni 18 575 ta yoki 58 foizni tashkil qiladi. Bundan 2-3 yilgacha birga yashab, ajrashganlar ko‘rsatkichlari - 5 174 ta (16,2 foiz), 4-5 yilgacha birga yashab, ajrashganlar esa - 5 524 ta (17,3 foiz).
Ta'kidlash joizki, O‘zbekistonda "Oltin to‘y" bosqichidan o‘tgan, ya'ni 50 yil birga yashagan 23 oilaning nikohi ham bekor qilingan.
Bundan tashqari, 60 yil yashagan 1 ta, 61 yil yashagan 2 ta, 63 yil yashagan 1 ta, 65 yil yashagan 1 ta, 67 yil birga yashagan 1 ta oila ajrashgan.
Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumanida 8 nafar voyaga yetmagan farzandi bor oilaning nikohi sud tomonidan bekor qilingan.
















