22 yanvar kuni «Manchester Yunayted»ga o‘tgani rasman e'lon qilingan 29 yoshli chililik hujumchi Aleksis Sanches jamoa futbolchisi sifatidagi ilk intervyusini klubning MUTV kanaliga berdi.


— Aleksis, xush kelibsan. «Manchester Yunayted» futbolchisi bo‘lish qanday ekan?

— Men bolaligimdan bu jamoada o‘ynashni orzu qilganman. Yo‘q, men bu gaplarni bugun shu yerda turganim uchun aytmayapman. Bugun orzuim ushaldi. Men yoshligida doim bir kun kelib «Manchester Yunayted»da o‘ynashimni aytardim va hatto bir marta Aleks Fergyuson bilan ham bu haqida gaplashganman. Biz 20 daqiqacha suhbatlashgandik va men «Old Trafford»da o‘ynashni orzu qilishimni aytdim. «MYu» – haqiqatan ham katta klub, hozir ham juda kuchli va bugun men bu yerga kelib, klub emblemasiga ko‘zim tushganida etim jimirlab ketdi. Shubhasiz, «Manchester Yunayted» Angliyaning eng buyuk klubidir.

— Nima deb o‘ylaysan, sen «Old Trafford»ga nima bera olasan?

— Men bu jamoada ko‘p narsaga erishish mumkinligiga ishonaman. «MYu» dunyo miqyosidagi ulkan klub va bu jamoa safida oldimizda turgan hamma sovrinlarni, Premer Ligani, Chempionlar Ligasini ham yutishni istayman.

— Sen Fergyuson haqida aytding. Shu paytgacha «Manchester Yunayted» haqidagi o‘ylar sening xayolingni band etganmidi? Bu haqida o‘ylaganmisan?

— Shubhasiz! Bu klub, uning qizil rangi meni doim o‘ziga jalb qilgan, men buni chin yurakdan aytmoqdaman. Aytish mumkinki, orzuim ushaldi. «Orzular teatri»da bo‘lish meni juda baxtli qiladi.

— Bu qaroringda Joze Mourinoning o‘rni qay darajada?

— U menga klubga juda kerakligimni aytdi. Men bunga ishonaman, klub meni qo‘lga kiritishga va yettinchi raqamni berishni juda istaganini his qilmoqdaman. Menimcha, futbolchi uchun bunday ishonch – juda muhim. Ba'zida jamoaga o‘zingning kerakligingni, ahamiyatingni bilish foyda beradi. Joze meni o‘ziga tortadi, u Italiyada ishlab ham, Ispaniyada ham deyarli hamma sovrinlarni yutgan. G‘alaba qozonishga odatlangan murabbiy.

— Yettinchi raqam «Manchester Yunayted» uchun juda muhim va tarixiy ahamiyatga ega. U raqam ostida o‘z vaqtida Kantona, Bekhem va Ronalduning to‘p surgani senga qanday ta'sir qiladi?

— Bu haqida menga gapirishlari hamono,o‘zimni Premer Liga yoki Chempionlar Ligasi sovrinini boshim uzra ko‘tarib turganimni his qilib yubordim.  Men bu yerga orzularga to‘lib keldim va o‘ylaymanki, ularni ro‘yobga chiqarish uchun menda imkoniyat bo‘ladi.