O‘tgan haftada Aleksis Sanches va Genrix Mxitaryan rokirovkasi rasman e'lon qilindi. Har ikki o‘zgarish e'tiborga molik bo‘lsa-da, asosiy urg‘u Sanchesga qaratilayotganining sababi ma'lum. Chunki Mxitaryan qaysidir ma'noda «Old Trafford»dagi muvaffaqiyatsizlik va tarkibga kira olmaganidan «Arsenal»ga o‘tayotgan bo‘lsa, Sanches London jamoasining yetakchisi edi. U o‘zining qarorini sovrinlar yutish orzusi bilan izohlar ekan, o‘z vaqtida «Arsenal»ni tark etgan futbol yulduzlarini ham eslab o‘tdi. Keling, biz ham shunday qilamiz.
1999 yil. Nikolya Anelka. «Real» Madrid

Bugungi yosh muxlislarning aqliga sig‘masligi mumkin, lekin 1997 yilda Anelka Arsen Venger jamoasiga «PSJ»dan qochib kelgandi. O‘shanda Nikolya atigi 17 yoshda edi. Ilk mavsumda fransiyalik hujumcha maydonga ko‘p tushmadi, ammo juda yuqori saviyada o‘tgan ikkinchi mavsum oqibatida madridliklar uni ko‘z ostiga olib qo‘yishdi.
Anelka o‘z niyatini yashirib ham o‘tirmadi va hatto 22 million funtlik transfer amalga oshirilgach, Londonda juda qiynalganini, Angliya futboli unga butunlay to‘g‘ri kelmaganini ochiq oydin tan olgandi.
2006 yil. Eshli Koul. «Chelsi»

Anelkaning holati o‘sha davr uchun alohida bir voqea edi, zero «Arsenal» Angliyaning eng kuchli ikki jamoasidan biri, keyin ham ajoyib mavsumlarni o‘tkazib, mamlakat chempioni bo‘lgandi. Eshli Koul voqeasi keyingi trendni ochib beradi - so‘nggi o‘n yillikda «Arsenal»ni ko‘proq yaxshi sharoit va sovrinlar yutish ilinjida tark etmoqdalar.
Aksariyat «Arsenal» muxlislari haligacha Koulni kechirishmaydi. Axir Koul jamoa tarkibida uch kubok va ikki chempionlikni qo‘lga kiritgan, buning ustiga klub tarbiyalanuvchisi, kim biladi, yaqin kelajakda jamoa sardori bo‘lishi mumkin edi. Ammo «Chelsi» tomonidan qilingan ajoyib maoshni rad qilolmadi va chamadonlarini yig‘ishtirib, Londonning narigi stadioniga yo‘l oldi. Shimolliklar esa, uni Keshli Koul deb atay boshladi. «Kesh» inglizchada «hamyon», «pul» ma'nolarini beradi.
Koul «Chelsi»da to‘rt marta Angliya kubogini, Premer Liga va Liga kubogini, Yevropa Ligasi va Chempionlar Ligasini ham yutib oldi. Buning uchun esa ajoyib bonuslarga ega bo‘ldi.
2009 yil. Emanuel Adebayor. «Manchester Siti»













