Nihoyat yevrokuboklar katta sahnaga qaytdi va so‘nggi ikki kun davomida Yevropaning eng kuchli klublari o‘z o‘yinlari bilan tomoshabinlarga zavq ulashishdi. Bugun esa, ikkinchi maqomdagi turnir bo‘lmish Yevropa Ligasida 1/16 final dastlabki o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

Bu yilgi Yevropa Ligasi juda qiziqarli bo‘lishi kutilmoqda. So‘nggi yillarda Chempionlar Ligasining kuchli jamoalari sanalgan «Atletiko», «Borussiya», «Arsenal», «Napoli» va yaqin o‘tmishning eng kuchli klublaridan biri «Milan» kabi klublar bu sovrin uchun bahsga kirishadi. 16 juftlikka sochilib ketgan bu jamoalarni darrov payqash qiyindek ko‘rinadi. Ammo bu bosqichda ham alohida e'tiborga molik juftliklar borki, «Tribuna.uz» bu to‘qnashuvlar haqida fikr yuritadi.

BORUSSIYa DORTMUND (Germaniya) – ATALANTA (Italiya)

Kuchli beshlik chempionatlari yetakchi jamoalarining o‘zaro o‘yinlarini ko‘p kuzatamiz. Ammo ushbu ligalarni solishtirishda o‘rtamiyona jamoalarning bunday to‘qnashuvlardagi natijasi har tomonlama qiziq bo‘lsa kerak.

«Atalanta» nomini Yevropa miqyosdagi turnirlarida deyarli eshitmagan bo‘lsak-da, A Seriya ishqibozlari uchun bo‘sh nom emas. Albertinidan tortib aka-uka Indzagilargacha, Veridan tortib, Donadonigacha ushbu jamoa orqali futbolga kirib kelgan. Mashhur Klaudio Kanijja ham uch yil «Atalanta» libosida maydonga tushganini ko‘pchilik eslamasa kerak.

Bergamoliklar milliy chempionatda o‘tgan yilgi natijalarini takrorlay olmayotgan bo‘lishsa-da, Yevropa Ligasi guruh bosqichida ko‘pchilikni hayron qoldirishdi. «Lion», «Everton» kabi kuchli jamoalar joylashgan guruhda 1-o‘rin qo‘lga kiritildi. Ayniqsa, inglizlar ustidan har ikki o‘yinda qozonilgan yirik g‘alabani alohida e'tirof etish lozim.

Piter Bosh qo‘l ostida mavsumni juda kuchli boshlagan «Borussiya» esa, baribir chempionlik uchun kurasha olmaydi, bu degani, sovrin yutish uchun bu turnir juda ahamiyatli bo‘lib qoladi. Agar «Borussiya» o‘zini o‘nglay olmasa, kuchli to‘rtlik uchun ham imkoniyatini pasaytirib yuborishi mumkin. Yevropa Ligasi esa, kelasi mavsumda YeChLda qatnashish uchun yana bir imkoniyat.   

NITsTsA (Fransiya) – LOKOMOTIV (Rossiya)

Legionerlarimizning o‘yinlarini diqqat bilan kuzatadigan muxlislar uchun juda qiziqarli juftlik. Hamyurtimiz Vitaliy Denisov «temiryo‘lchilar» safida yetakchi himoyachilardan biriga aylangan va yevrokuboklar Denisov uchun juda yaxshi tajriba vazifasini o‘tab beradi.

«Lokomotiv» Rossiya chempionatida juda ishonchli harakat qildi va qishki tanaffusga 8 ochkolik farq bilan peshqadam sifatida chiqib ketdi. Jamoaning asr boshlaridagi nufuzini qayta tiklash yo‘lida jiddiy qadamlar tashlanganini payqash oson.