Shavkat Mirziyoyev Kogon tumanidagi chiqindini qayta ishlash korxonasini borib ko‘rdi
Prezidentning 2017 yil 21 apreldagi “2017-2021 yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimizda atrof-muhit musaffoligini saqlash, maishiy chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlat rahbari 2017 yil 10-11 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida Kogon tumanida chiqindilarni saralash va qayta ishlash klasteri qurish loyihasi bilan tanishgan edi. Mana bir yil o‘tmasdan “Aholi trans” mas'uliyati cheklangan jamiyati faoliyat boshladi.

Prezident korxonaning ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi, deb xabar qilmoqda davlat rahbari matbuot xizmati.
Klasterga tumandagi bo‘sh turgan bino va inshootlar “nol” qiymatda berilgan edi. Binolar ta'mirlanib, Xitoydan bir kecha-kunduzda 450 tonna chiqindini qabul qilish quvvatiga ega texnologiya keltirib, o‘rnatildi.
Bu yerda metall, tosh, shisha, yaroqsiz rezina va avtoshinalar, plastmassa, yog‘och-taxta bo‘laklari, shox-shabbalar, makalatura, qurilish materiallari, matolar chiqindisi saralanadi. Ulardan briket, sintetik tola, qog‘oz karton, to‘qimachilik matosi, qurilish bloklari, biogumus va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqariladi.

To‘rt yuzdan ziyod ishchi mehnat qilayotgan korxona bugungi kunda Buxoro va Kogon shaharlari, Buxoro, Kogon tumanlaridagi maishiy chiqindilarni tashib keltirmoqda. Keyinchalik korxona faoliyatini kengaytirib, viloyatning barcha hududlarida paydo bo‘ladigan chiqindilarni yig‘ib keltirishni rejalashtirgan.
Prezident klasterning mazkur rejalarini ma'qulladi.
Shu paytgacha bu masala bilan hech kim shug‘ullanmagan edi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Chiqindi qayta ishlansa, tayyor mahsulotlar ishlab chiqariladi, ko‘plab ish o‘rinlari yaratiladi. Eng muhimi, ekologiyamiz toza bo‘ladi, keyinchalik suv va havo orqali aholi salomatligiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararning oldi olinadi.


















