KUN.UZ tahririyatiga Moliya vazirligida o‘tgan yilning 23 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisdan yozib olingan audioëzuv yetib keldi. Unda moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov gapirgan bo‘lib, u 22 dekabrdagi Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisining ertasi kuni bo‘lib o‘tgan.
«Kecha prezidentimizning menga e'tiroz bildirganlari to‘g‘ri bo‘ldi. Men sizlarga aytib qo‘yay: yil oxirigacha, bir hafta ichida Moliya vazirligi tizimida ko‘pchilikning javobini berib yuboraman. Ko‘pchilikni. Kim shu kungacha pishqirib, o‘zini hammadan katta qo‘yib, odamlar bilan nopisandlik bilan gaplashib yurgan, muttahamlik qilgan bo‘lsa, hammasining javobini beramiz», - degan Jamshid Qo‘chqorov.
Shuningdek, J.Qo‘chqorov Nazorat-taftish bosh boshqarmasi haqda ham fikr bildirib o‘tgan.
«Endi KRUga (Nazorat-taftish bosh boshqarmasi) ishga o‘taman, deb yurganlar bu fikridan qaytib qo‘ya qolsin. Bitta katta tuman shifoxonasiga borib olib, har kuni choy, har kuni obed... Bu revizorlar nonushtani ham o‘sha yerga borib qiladi. Nonushtani! Ey, yorilib ketinglar. Yana borib hamshiralarga tegajonlik qilganlari qancha. Muttaham revizorlar. Shifoxonaga borib: menga hamshirani olib kel, massaj qilsin, deb aytadi bular. Toshkent shahar KRUsining javobini bervorish kerak, muovinlari ham haydaladi, hamma yerni sharmanda qilib tashladi», - degan u audioyozuvda.
«Bu gaplar moliya tizimida yuz yildan beri aytilmagan gaplar. Shu yerda 19 yil vazir o‘rinbosari bo‘lib ishladim. Juda ko‘pchilikni yaxshi taniyman. Birortangni ham ayab o‘tirmayman, chunki prezidentimiz juda ham qattiq norozilik bildirdilar. Bitta narsani aniq va ravshan tushunib olinglar: bizning prezidentimiz Moliya vazirligiga ishonmaydilar. Umuman ishonchlari yo‘q. Nima uchun menga muhlat berdilar?! Chunki men shu kompleks rahbari bo‘la turib moliya tizimini tozalamadim. Haligacha hammasini har kuni eshitib o‘tiribdilar. Hammang haqida ma'lumot bor. Revizorlar – mast bo‘lib, dumalab, ashulalar aytib... Nima men osmondan tushganmanmi?! Hammangni bilaman», - degan u.
«Oldin bu yerda bir dohiy vazir bo‘lardi. Hech narsani eshitmay, ko‘rmay yurardi. «Bo‘ribosarlarni yuboring, bo‘ribosarlarni» - bo‘ribosar emas, shoqol ular! O‘laksa yeydigan, kuchsizlarga teginadigan shoqollar! Bu narsa faqat KRUga tegishli emas, moliya, g‘aznachilik», - deyiladi audioyozuvda.
«Moliya vazirligida bir paytlar Rahmatilla Tursunov degan kadrlar boshlig‘i bo‘lgan. Uni o‘zi birinchi prezident haydab yuborgan. U bu yerda o‘zining Peretolchin (Sergey Peretolchin – Moliya vazirligining kadrlar boshqarmasi sobiq boshlig‘i haqida gap ketyapti) degan odamini tashlab ketgan. U Peretolchin bu yerda millioner bo‘lib ketdi. Bu yerda mening gaplarimni eshitayotganlardan qanchadan qanchasi unga pul berib, ishga o‘tgan. U hattoki vazir o‘rinbosarlariga sakray boshladi. Vazirlikning chirib ketganidan bir misol. Mana shu kadrlar bo‘limi boshlig‘i Mehriddin Abdullayevning yoqasidan olib: Men seni yo‘q qilaman, degan. O‘shanda oddiy vazir o‘rinbosari edim, menga aytdi: Menga aytmaysizmi, hozir mana shu favvoraga olib borib cho‘ktirib tashlayman, dedim. Vazir o‘rinbosari edim o‘shanda, Azimov vazir bo‘lsa ham: Nima haqi bor uning vazir o‘rinbosariga sakrashga, degandim. Mana nima darajaga keldilar! Sizlar kelib, tashidinglar unga. Hammang tashiding. Moliya vazirligidagi eng boy odamga, dollardagi millionerga aylandi u. Topshiriq berdim: bitta-bittalab topib chiqasizlar - kimni Peretolchin qo‘ygan bo‘lsa, kimni Azimov qo‘ygan bo‘lsa, yoki o‘sha Azimovning yaltoqlarini, atrofida yurgan kuchukchalarining birontasi qolmay yo‘q bo‘lsin! Kotiba bo‘lsa ham yo‘q qilinglar!», - degan Qo‘chqorov.















