Vazirlar Mahkamasining 12.02.2018 yildagi 106-son qarori bilan Paxta tolasini birja savdolarida sotish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.uz.
 
Ushbu hujjat amalga kiritilgunga qadar (1.04.2018 yil) paxta tolasi uni qayta ishlash bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatlariga ega bo‘lgan mahalliy to‘qimachilik korxonalariga «O‘zpaxtasanoat» AJ bilan tuzilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha yetkazib beriladi.
 
Nizom paxta tolasini birja savdolarida mahalliy iste'molchilarga sotish tartibini belgilaydi.
 
Quyidagilar birja savdolarida paxta tolasini sotadilar:

• «O‘zpaxtasanoat» AJ;
• paxtachilik-to‘qimachilik ishlab chiqarishi va klasterlar;
• paxta tolasini respublikaga ichki bozorda sotish uchun chet eldan import hisobiga olib keladigan tashkilotlar (O‘zbekiston rezidentlari yoki norezidentlari).
 
Xaridorlar tomonidan birja savdolarida sotib olingan paxta tolasidan respublika tashkilotlarida faqat ishlab chiqarish maqsadlari uchun foydalaniladi. Shu sababli mahalliy to‘qimachilik korxonalari hamda o‘z mahsulotini qayta ishlashda paxta tolasidan foydalanish zarurligi munosabati bilan yuridik shaxs tashkil etgan boshqa tashkilotlar birja savdolarida paxta tolasi xaridorlari sifatida belgilangan.
 
Paxta tolasini kelgusida qayta ishlash bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatlari mavjudligi to‘g‘risida birjaga tuman (shahar) hokimliklarining tavsiyalarini taqdim etgan xaridorlar savdolarga qo‘yiladi.
 
Tavsiyalar «O‘zstandart» agentligini jalb etgan holda mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini o‘rganish yo‘li bilan murojaat qilingan paytdan boshlab majburiy tartibda 10 kun mobaynida beriladi. Tavsiyalar bir yil mobaynida haqiqiy hisoblanadi.
 
Izoh. Tavsiya berishni kechiktirish savdolarda ishtirok etishga to‘sqinlik qila olmaydi. Belgilangan 10 kunlik muddat o‘tgandan keyin xaridorning tuman (shahar) hokimligiga murojaat qabul qilingan sana haqida belgi qo‘yilgan murojaati va hokimlikka yuborilgan yozma bildirishnoma (arizada qayd etilgan ishlab chiqarish quvvatlari doirasida) savdolarda ishtirok etish uchun asos hisoblanadi. Bunda tavsiya o‘z vaqtida berilmaganligi yoki noxolisona berilganligi oqibatlari uchun tegishli hokimlik va «O‘zstandart» agentligi javob beradi.