Toshkent viloyati Zangiota tumani Tarnov MFYdan tahririyatimizga murojaat qilishdi. Ular mahalla aholisini qiynab kelayotgan qator muammolar bir necha yillardan buyon ko‘plab idoralarga murojaat qilinganiga qaramay hal etilmayotganini ta'kidlashdi. 

Biz vaziyatni o‘rganish maqsadida ushbu mahallaga borib, fuqarolar bilan uchrashdik. Oxunboboyev ko‘chasi, 3-tor ko‘chasida istiqomat qiluvchi aholi qishning sovuq kunlarida tabiiy gaz bosimi pastligidan shikoyat qilishdi. Ta'bir joiz bo‘lsa, bu berilayotgan gaz yo‘q bo‘lib, yo‘q emas, chunki quvurda gaz bor, ammo unda ovqat qilish u yoqda tursin, suv isitish qozonini isitishning o‘zi bir masala. Fuqarolarning aytishlaricha, yaqinginada MY5 telekanalidan kelib ketishgach, 2-3 kun tabiiy gaz bosimi yaxshi bo‘lgan, biroq keyinchalik yana eski hammom, eski tos, gaz bosimi pasayib ketgan. Aholi tabiiy gaz uchun oldindan to‘lov tizimi joriy qilinishiga ham rozi. Faqatgina yetarli bosimda gaz bo‘lsa bo‘lgani. 

Zangiota tuman gazdan foydalanish xizmati mutaxassisi Aliyev Muzaffar ushbu holat yuzasidan tushuntirishlar berar ekan, gaz bosimini yetarli darajada ta'minlash borasida choralar ko‘rilayotganini ta'kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda kelasi yil qish mavsumi, ya'ni 2018-2019 yilgi mavsumdan boshlab gaz ta'minotida uzulishlar bo‘lmasligi uchun choralar ko‘rilmoqda. Bizning aholi bu yilgi qish mavsumini qanday o‘tkazsin, qolaversa, 2017-2018 yilgi qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha hukumat qarori har qachongidan bir necha oy avval qabul qilingan edi-ku?, degan savolimizga mutaxassis tayinli javob bera olmadi. 

Bundan tashqari,Tarnov MFY va ushbu atrofda istiqomat qiluvchilarni qiynayotgan masalalar birgina tabiiy gaz ta'minoti bilan bog‘liq emas. Bu yerga ichimlik suvi ham jadval asosida berilishi jiddiy qiyinchiliklar keltirib chiqarmoqda. Ko‘chalarning ahvolini gapirmasa ham bo‘ladi.

Bir necha bor murojaat qilinganiga qaramay, aynan ushbu mahalladan shaharga boruvchi yo‘lovchi avtobusi qo‘yilmagani sababli fuqarolarning ertalabki vaqtda shaharga borishi qiyin bo‘lmoqda. Aholining ta'kidlashicha, Kozim To‘laganov hokim bo‘lgan vaqtlarda va'da berilgan, temir yo‘l pereyezdi ustidan qurilishi rejalashtirilgan ko‘prik ham hamon “qurilmoqda”.