Bugun, 20 fevral kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Xalqaro Press-klub bilan hamkorlikda Ozarboyjon ishbilarmon doira vakillari hamda mahalliy tadbirkorlar ishtirokidagi O‘zbekiston-Ozarbayjon biznes-forumi o‘tkazildi.

Qayd etish lozimki, ushbu tadbir ishbilarmonlar o‘rtasidagi hamkorligini rivojlantirish, shuningdek qo‘shma loyihalarni amalga oshirish maqsadida chet el investitsiyalarini jalb qilish uchun qo‘shimcha rag‘bat sifatida xizmat qiladi.
Tadbirni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida savdo aloqalari yo‘lga qo‘yilishi va kengayishini qo‘llab-quvvatlash, yangi qo‘shma korxonalar sonini hamda ikki tomonlama mahsulot aylanmasini oshirishdan iborat.

Forumda qurilish, savdo, tibbiyot anjomlari, farmatsevtika, qadoqlash materiallari, nashriyot, poligrafiya, AKT, kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan Ozarboyjonning yirik kompaniyalaridan kelgan 20 dan ortiq vakil, shuningdek, mahalliy yirik korxona va kompaniyalarning 50 dan ziyod vakillari ishtirok etdi.
Ishbilarmonlik uchrashuvi chog‘ida ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha masalalar muhokama qilindi.
Ta'kidlash joizki, 2017 yil yakunlari bo‘yicha tovar aylanmasi – 31,2 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, jumladan, eksport – 26,2 million dollarni, import esa – 4,9 million dollarni tashkil etdi.
O‘zbekiston Respublikasida Ozarbayjon Respublikasi sarmoyasi ishtirokidagi 84 ta korxona faoliyat yuritib, ulardan 71 tasi - qo‘shma korxona, 11 tasi esa - 100 % Ozarboyjon kapitaliga ega.

Foto: Xalqaro Press-klub
Ushbu korxonalar savdo, mashinasozlik va metalni qayta ishlash, moliya va sug‘urta, energetika, xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish, oziq-ovqat va yengil sanoati kabi sohalarda faoliyat yuritmoqda.


















