O‘zbekiston | 11:12 / 21.02.2018
71425
3 daqiqa o‘qiladi

Er yoki xotinning nomida bo‘lgan avtomobilni boshqarish uchun FHDYo guvohnomasi yetarli emasmi?

Foto: KUN.UZ

Yo‘l harakati qoidalariga asosan transport vositasining haydovchisi quyidagilarni yonida olib yurishi va ichki ishlar organlari xodimlari talab qilganda tekshirish uchun taqdim etishi shart:

  • haydovchilik guvohnomasi va uning talonini yoki transport vositasini vaqtinchalik boshqarish huquqini beruvchi talonni, haydovchilik guvohnomasi belgilangan tartibda olib qo‘yilgan bo‘lsa, uning talonini, haydovchilik guvohnomasi va uning taloni olib qo‘yilgan hollarda vaqtinchalik ruxsatnomani;
  • vaqtinchalik boshqarish huquqini beruvchi talon yoki vaqtinchalik ruxsatnoma bilan transport vositasini boshqarishda haydovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatni;
  • transport vositasi yoki tirkamani qayd qilish guvohnomasini, transport vositasining egasi bo‘lmagan hollarda esa umumiy egalik huquqini yoki tasarruf etish huquqini beruvchi, egalik qilishga va foydalanishga berilganligini tasdiqlovchi hujjatni;
  • transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisini;
  • qonunchilikda ko‘zda tutilgan hollarda yo‘l varaqasi va tashilayotgan yukning hujjatlarini.

Tegishli toifadagi transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasiga, uning taloniga, vaqtinchalik ruxsatnomaga ega bo‘lgan shaxs, o‘ziga tegishli bo‘lmagan transport vositasini, uning egasi yonida bo‘lganida yoxud tasarruf etish huquqini beruvchi yoki egalik qilishga, foydalanishga berilganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lgan shaxs ishtirokidagina (ularning roziligi bilan) boshqarishi mumkin.

Bunda majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha shartnoma ushbu transport vositasidan cheklanmagan shaxslarning foydalanilishini hisobga olgan holda tuzilgan yoki transport vositasini boshqarayotgan shaxs sug‘urta polisida ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

Shuni alohida ta'kidlab o‘tish lozimki, transport vositasini boshqarishda FHDYo guvohnomasi aslida hech qanday huquqiy kuch yoki ruxsat beruvchi hujjat vazifasini o‘tamaydi. Bunda umumiy egalik huquqini beruvchi, egalik qilishga va foydalanishga berilganligini tasdiqlovchi hujjat talab etiladi.

Mavzuga oid